Amir Temur maqbarasi madaniy meros obektida restavratsiya ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar qildi.
![](https://storage.kun.uz/source/8/BoDcL0usnOawu-JSpxiy68fYuP_TtIbL.jpg)
2022 yilda Samarqand shahrida Shanhay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a’zo davlatlar rahbarlari navbatdagi sammiti o‘tkazilishi yuzasidan Amir Temur maqbarasida ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borish belgilangan.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand shahrida joylashgan «Amir Temur» majmuasida gumbaz va devor old qismi, galereya pol qismlari va peshtoqni qayta ta’mirlash uchun 3 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Amir Temur maqbarasini restavratsiya qilish ishlari bundan yarim asrdan ziyod vaqt oldin, ya’ni 1941 yilda amalga oshirilgan bo‘lib, 1996 yilda qisman ta’mirlash ishlari olib borilgan.
Bildirilishicha, 6 asrlik tarixga ega sarkarda sag‘anasida olib borilayotgan restavratsiya jarayonlari Madaniy meros agentligi nazorati ostida va malakali usta-restavrator, xattot, olim, injyenerlar va boshqa soha mutaxassislarini jalb etilgan.
Markaziy Osiyo me’morchiligi noyob asari sifatida e’tirof etiladigan Amir Temur maqbarasi Samarqand janubi-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, XIV asr oxirida Temuriy shahzoda Muhammad Sulton tomonidan qurilgan madrasa yonida tiklangan. Maqbara qurilishi Amir Temur hukmronligi davrida boshlanib, Mirzo Ulug‘bek davrida tugallangan.