09:09 / 09.11.2022
9622

Tramp Kongress saylovlari bo‘yicha norozilik namoyishlariga chaqirdi

AQShda Kongressga oraliq saylovlarda ilk saylov uchastkalari yopildi.

Foto: independent.co.uk

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp 8 noyabr, seshanba kuni Kongressga oraliq saylovlar kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida o‘z tarafdorlariga «Norozilik bildiring, norozilik bildiring, norozilik bildiring», degan chaqiriq bilan chiqdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni saylov uchastkalarida ko‘plab saylovchilarga ular allaqachon ovoz berganliklari aytilgan. Bu borada Tramp Detroytdagi vaziyatni «juda yomon» deb atadi, shuningdek, uning kuzatuvlariga ko‘ra, respublikachilarning ko‘p tarafdorlari yashaydigan shtatlarda muammolar va «katta uzilishlar» sodir bo‘lgan.

Markaziy Yevropa vaqti bilan soat 1:00 ga kelib, AQShning ayrim shtatlarida saylov uchastkalari allaqachon yopilgan. Biroq, mamlakat bir necha vaqt zonalarida joylashganligi sababli, ovoz berishning birinchi natijalari Markaziy Yevropa vaqti bilan erta tonggacha chiqmaydi.

AQSh Kongressiga 8 noyabr kuni boshlangan oraliq saylovlarda Vakillar palatasining butun tarkibi (435 o‘rin) va Senatning uchdan bir qismi (100 tadan 35 o‘rin) qayta saylanadi. Bundan tashqari, 36 shtatda yangi gubernatorlar saylanadi.

Palatalardan birida ko‘pchilik o‘rin yo‘qotilsa, AQSh prezidenti, demokrat Jo Bayden o‘z kun tartibini amalga oshirishi qiyin bo‘ladi.

Donald Tramp esa, kuzatuvchilarga ko‘ra, respublikachilar muvaffaqiyatidan foydalanib, yaqin kelajakda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini e’lon qilishi mumkin.

Birinchi saylov uchastkalari yopilgach, 8 noyabr kuni kechqurun Amerikaning qator OAV, jumladan, CNN ham Edison Research kompaniyasi buyurtmasi asosida ovoz bergan fuqarolar ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov natijalarini e’lon qildi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh saylovchilarining qariyb 80 foizi o‘z shtatlarida saylovlar adolatli o‘tganiga va ovozlar to‘g‘ri hisoblanishiga «hech bo‘lmaganda biroz ishonchga ega».

Respondentlarning qariyb yarmi «bu borada o‘zlariga juda ishonganlarini» aytdi. So‘rov ishtirokchilarining 20 foizi saylovning halolligiga ishonchi umuman yo‘qligini tan oldi.

Shu bilan birga, so‘ralganlarning 70 foizi AQSh demokratiyasi «biroz» yoki «ko‘proq» tahdid ostida ekanligini his qilishdi. Faqat 30 foizga yaqin fuqarolar qarama-qarshi fikr bildirgan.

So‘rov ishtirokchilarining qariyb uchdan bir qismi Jo Bayden AQSh prezidenti bo‘lgan 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalarini noqonuniy deb hisoblashlarini ta’kidladilar. Respondentlarning qariyb 60 foizi bu saylovlarni adolatli deb hisoblashini aytdi.

Edison Research institutiga ko‘ra, saylovchilar inflatsiya, qurolga egalik qilish, jinoyatchilik va migratsiya siyosati, shuningdek, ayrim ijtimoiy masalalarni saylovlarda o‘zlari uchun eng muhim mavzu deb bilishadi. 

Mavzuga oid
Top