23:50 / 22.04.2023
10131

Shumaxer bilan soxta intervyu nashr etgan jurnal muharriri ishdan bo‘shatildi

U mashhur sportchi, hozirda og‘ir jarohatdan davolanayotgan Mixael Shumaxerning oilaviy hayoti va sog‘lig‘i haqida sun’iy idrok yordamida iqtiboslar keltirgan edi.

Foto: CNN

Germaniyaning Die Aktuelle jurnali bosh muharriri Enn Hoffman Formula-1 bo‘yicha yetti karra chempion Mixael Shumaxer bilan soxta intervyu e’lon qilgani uchun ishdan bo‘shatildi.

Suhbatda iqtiboslarni shakllantirish uchun sun’iy idrok (SI) dasturidan foydalanilgan. 2009 yildan buyon bosh muharrir lavozimida ishlab kelgan Hoffmanning ishdan bo‘shatilganini jurnalga egalik qiluvchi Funke media guruhi xabar berdi.

Mixael Shumaxer 2013 yilda Fransiya Alp tog‘larida chang‘i uchish bilan bog‘liq baxtsiz hodisada boshidan jiddiy jarohat olgan edi. Shundan so‘ng u biror marta omma oldida ko‘rinmadi, sobiq poygachining ahvoli haqidagi  ma’lumotlar juda kam. Xabar qilinishicha, Shumaxerning xotirasi, harakati va nutqida muammolari bor va u Jyeneva yaqinidagi uyida parvarish qilinmoqda. Halokatdan keyin uning shaxsiy hayotini ehtiyotkorlik bilan qo‘riqlab kelayotgan oilasi intervyu tufayli sudga murojaat qilish niyatida ekanligini bildirdi.

SI tomonidan yaratilgan va Mixael Shumaxer jarohat olganidan keyingi birinchi intervyu 19 aprel kuni chop etildi. Funke Magazine Group direktori Biyanka Polmann 22 aprel kuni buning uchun uzr so‘radi.

«Ushbu maqola bema’ni, chalg‘ituvchi bo‘ldi va hech qachon paydo bo‘lmasligi kerak edi», dedi Polmann o‘z bayonotida.

«Bo‘lib o‘tgan voqea hech qanday tarzda biz va bizning o‘quvchilarimiz Funke guruhidan kutayotgan jurnalistika standartlariga mos kelmaydi», deyiladi bayonotda.

SI tomonidan yaratilgan intervyuda Shumaxerning baxtsiz hodisadan keyingi oilaviy hayoti va sog‘lig‘i haqida iqtiboslar keltirilgan.

Mavzuga oid
Top