12:47 / 01.05.2023
5855

Xronologiya: O‘zbekiston-Germaniya munosabatlari yaqin tarixda qay tarafga o‘zgardi?

Foto: railway.uz

Germaniya – O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 31 dekabrda tan olgan va 1992 yil 6 mart kuni mamlakatimiz bilan diplomatik aloqalarni o‘rnatgan davlat. O‘tgan davr mobaynida Germaniyaga to‘rt va O‘zbekistonga 3 marotaba oliy darajadagi rasmiy tashriflar amalga oshirilgan. Shuningdek, 2-3 may kunlari prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga navbatdagi tashrifi kutilmoqda. Kun.uz O‘zbekiston va Germaniya munosabatlari xronologiyasi haqida ma’lumot beradi.

Oliy darajadagi tashriflar

Jami 7 ta oliy darajadagi tashriflar Germaniyaga 1993, 1995, 2001 va 2019 yillarda, O‘zbekistonga esa 1995, 2002 va 2019 yillarda amalga oshirilgan. Hamda 2021 yil 12 mart kuni O‘zbekiston prezidentining Germaniya kansleri Angela Merkel bilan videokonferensaloqa orqali muzokaralari bo‘lib o‘tgan.

Telefon muloqotlari

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 17 va 30 avgust hamda 2022 yil 14 mart, 29 avgustda Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, shuningdek, 2021 yil 18 avgustda kansler Angela Merkel bilan qo‘ng‘iroqlashgan – jami 5 ta telefon orqali muloqot.

O‘zaro manfaatli munosabatlar natijasida ikki davlat o‘rtasidagi hukumatlar, parlamentlar va ishbilarmonlar aro hamkorliklar ham yildan yilga faollashib borgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida jami 145 ta shartnoma imzolangan bo‘lib, shundan 92 tasi davlatlararo va hukumatlararo, 20 tasi idoralararo va 33 tasi boshqa xususiyatga ega.

O‘zaro tovar aylanmasi va investitsiyalar

Birgina 2021 yilda Germaniyadan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 1,1 milliard dollarni (+37,5 foiz) tashkil etib, ular neft-gaz va farmatsevtika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan. 2022 yil yakuniga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 769,1 million dollarni tashkil qildi.

O‘zbekistonda Germaniya sarmoyasi ishtirokida 219 ta korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 97 tasi yakka tartibdagi tadbirkordir. 31 ta nemis kompaniyasining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.

Ijtimoiy yo‘nalishlar

O‘zbekistonda:

-        980 ta maktabda 270 mingga yaqin o‘quvchi nemis tilini o‘rganadi, bu yerda 3 mingdan ortiq o‘qituvchi dars beradi;

-        24 ta maktabda nemis tili, shulardan 6 tasida chuqur o‘rganiladi;

-        Germaniyaning 30 dan ortiq universitetlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. 1 mingga yaqin o‘zbekistonlik talabalar, aspirantlar va doktorantlar Germaniyaning turli universitetlari va tadqiqot markazlarida tahsil olishadi.

Shuningdek, Gyote instituti, K. Adenauyer, F. Ebert fondlari, Germaniya xalq universitetlari assotsiatsiyasining xalqaro hamkorlik instituti vakolatxonalari, Xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasining nemis tili bo‘yicha maxsus maslahatchi-koordinatori idorasi O‘zbekistonda faoliyat yuritadi.

Germaniya xayriya tashkilotlari tomonidan o‘zbekistonlik bemor bolalarning Germaniya klinikalarida bepul davolanishini tashkil etish, shuningdek, tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlashda gumanitar yordam ko‘rsatilmoqda. “Friyedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti va “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasining qo‘shma gumanitar aksiyasi ham O‘zbekistondagi bemor bolalarni Germaniyaga davolanishga jo‘natish maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2-3 may kunlari Germaniyaning Berlin shahriga qiladigan tashrifi davomida:

-        Federal prezident Frank-Valter Shtaynmayyer va Federal kansler Olaf Shols bilan ikki tomonlama uchrashuvlar;

-        Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan innovatsion-texnologik sheriklikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyiha hamda dasturlarni amalga oshirish maqsadida davlatimiz rahbari va germaniyalik biznes vakillari bilan alohida uchrashuv;

-        Jyeyms Simons galereyasida “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar imperiyasigacha” nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tishi kutilyapti.

Top