14:06 / 23.07.2023
31287

Qizil imperiyaning «kulrang kardinali». Kommunistik partiyaning bosh ideologi va propagandachisi haqida

Sobiq sovet davlati o‘zining qattiqqo‘l va bilimsiz rahbarlari bilan mashhur. Ular davlatni kuch va yolg‘on bilan boshqargan. Biroq sovet insonlarida SSSR davrini iliq xotirlash, qo‘msash kayfiyati saqlanib qolgan, bu, shubhasiz, juda kuchli mafkura va propagandaning ta’siri. SSSRning uch Bosh kotibi davrida mamlakatning asosiy ideologi va propaganda mas’uli bo‘lgan Mixail Suslov ko‘pchilik tomonidan «kulrang kardinal», ya’ni soyadagi rahbar deya atalardi.

Kambag‘al dehqon o‘g‘li — taqdir tuhfasi

SSSRdagi kommunizm-marksizm g‘oyasining asosiy figuralaridan biri, uch nafar bosh kotib — Stalin, Xrushchyov va Brejnev davrida eng muhim davlat lavozimlarda ishlagan Mixail Suslov 1902 yil Volga daryosi bo‘yidagi Shaxovsk qishlog‘ida, oddiy kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan.

Maktab davrida qunt bilan bilim olgan Mixail kommunistik partiya zinapoyalaridan tezlik bilan yuqorilagan. U 16 yoshidayoq Kambag‘allar qo‘mitasiga a’zo bo‘lgan va oradan ko‘p o‘tmay Kommunistik partiyaga qo‘shilgan. Moskvadagi qator universitetlarda tahsil olgan Mixail ilk yuqori mansabga 1931 yilda kirishgan. U shu yili Kompartiya markaziy nazorat komissiyasiga o‘tkazilgan va uch yildan so‘ng SSSR Xalq Komissarlari Kengashi huzuridagi Sovet nazorati komissiyasiga ishga kirgan.

Qatag‘on yillarida Suslov ham qurbonlar ro‘yxatiga kirishiga bir baxya qoladi. U «dushman elementlar hokimiyatga kirib kelishiga yordam berish»da ayblangan, biroq o‘z so‘zlariga ko‘ra, Stalinning ko‘magi bilan qutulib qolgan.

Suslov va Stalin

Ikkinchi jahon urushi davrida Suslov Kompartiyaning Stavropol o‘lka qo‘mitasi birinchi kotibi edi, u hududda Germaniyaga qarshi partizanlik kurashlarini tashkillashtiradi. Keyinroq Boltiqbo‘yiga ko‘chib o‘tadi va bu yerda «o‘rmon birodarlari» harakati bilan kurashga rahbarlik qiladi.

Suslovning g‘oyaviy xislatlari uni SSSR Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi kotibi lavozimiga olib keladi. Bu juda katta ko‘tarilish edi, chunki ushbu davrda MQ kotiblari soni jami olti nafar bo‘lib, ular qatorida Stalin ham bor edi.

Suslov shu yili Butunittifoq falsafiy munozaralarida qatnashadi va o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsatadi. Shundan so‘ng u Georgiy Aleksandrov o‘rniga Kompartiya MQning propaganda va tashviqot boshqarmasi rahbari etib tayinlandi. Ya’ni amalda sovet davlati mafkurasi rahbariga aylanadi. U roppa-rosa 35 yil davomida partiyaning barcha targ‘ibot ishlariga rahbarlik qiladi.

Suslovning mansab pillapoyalaridan bu qadar tez yuqorilashi uning kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgani, ya’ni SSSRdagi boylar «yomon», qashshoqlar «yaxshi» g‘oyasiga juda mos tushgani bilan bog‘liq. Zero, SSSR «ishchi, dehqon va askarlar» davlati edi. Bundan tashqari, u o‘z avlodi uchun ancha yaxshi ta’lim olgandi.

Suslov Kompartiya va ittifoqdosh respublikalar rahbarlari orasida (o‘ngdan ikkinchi). Ikkinchi qator o‘ngdan birinchi Sharof Rashidov

«Kulrang kardinal»

Ancha ayyor va ehtiyotkor Suslov 1950-yillar boshida partiyada tobora ko‘proq ta’sirga ega bo‘lib borgan va uni Stalinning yashirin vorisi, dogmatik, «marksizmning oliy ruhoniysi» deb atashgan. Stalin o‘limi oldidan Mixail MQ prezidiumi a’zoligiga saylanadi. Bu Suslov SSSRning birinchi raqamli shaxslari bilan tenglashganini anglatardi.

Mixail Suslov «kulrang kardinal» taxallusini aynan shu davrda oladi. Uning raqiblari yorqin Stalin, Beriya va Xrushchyov shaxsi fonida, ancha «xiraroq» bo‘lgan Suslov shaxsini ta’kidlab, hokimiyat kurashida unga ham e’tibor qaratmoqchi bo‘ladi. Va bu qaysidir ma’noda amalga oshadi. 1953 yil Beriya hibsga olingach, uning otuvga hukm qilinganlar ro‘yxatida Suslov birinchi raqamli nishonlardan biri bo‘lgani ma’lum bo‘ladi.

Suslov va Brejnev

Mixailning Stalin repressiyalari, uning o‘limidan keyingi hokimiyat kurashlarida «jon saqlab qolishi»ga, uning na qishloq xo‘jaligi, na boshqaruv ishlariga aralashgani yordam bergan. U faqat mafkuraviy yumushlar bilan shug‘ullangan, sovet propagandasini rivojlantirgan, marksizmning sovetcha g‘oyalarini ishlab chiqqan. Suslov SSSR oliy elitasidagi marksizm-kommunizm ideologiyasini eng yaxshi tushunuvchi inson bo‘lgan va shu bois ham har qanday bosh kotib davrida o‘z ta’sirini saqlab qolgan.

Mixail Suslov Xrushchyov davrida garchi bosh kotib bilan ziddiyatga bormagan bo‘lsa-da, katta qudratga ega bo‘lmagan. Chunonchi, u Stalin o‘limidan so‘ng MQ prezidiumi tarkibidan chiqarilgan. Suslov 1956 yilgi Vengriya qo‘zg‘oloni munosabati bilan Budapeshtga borgan va SSSR qo‘shinlarining mamlakatga kiritilishini yoqlagan.

«Kulrang kardinal»ning soyadan chiqishi sifatida uning 1964 yilda Xrushchyovni «taxtdan ag‘darish» ishlariga rahbarlik qilgani aytiladi. Kompartiya MQ plenumi raisi sifatida Suslov Xrushchyov barcha lavozimlaridan ozod etilishi kerakligi haqida doklad qiladi va bosh kotib iste’fosini uyushtiradi. Lekin o‘zi bosh kotiblik kursisiga o‘tirmaydi. Buning o‘rniga SSSR MQ siyosiy byurosi a’zoligiga kiradi.

Suslov Xrushchyovning yaqin hamkorlaridan biri bo‘lishiga qaramay unga qarshi fitnada muhim rol o‘ynagan

Suslov Xrushchyovdan keyin, Leonid Brejnev davrida haqiqiy «kulrang kardinal»ga aylanadi. U bosh kotibni ishontirgan holda har qanday qarorni bekor qilishi mumkin bo‘lgan va ba’zida Brejnevning o‘zi yakuniy so‘zni Mixail Suslovga qoldirgan. Demokratik sentralizm tarafdori sifatida Suslov hokimiyat bir kishi qo‘lida jamlanishini yoqlamagan va 1970 yil hatto Brejnevning bosh kotiblik bilan birga hukumat boshlig‘i lavozimini ham egallashiga qarshi chiqqan.

Marksizmning barcha qonunlariga amal qiluvchi va tartibni sevuvchi Suslov juda qattiqqo‘l rahbar bo‘lgan. U Xrushchyovning «iliqlik davri»dan so‘ng paydo bo‘lgan intelligensiyani mamlakatdan quvg‘in qilishning (xususan, Soljyenitsin va Saxarovni) tashabbuskori, ta’lim tizimiga «ilmiy kommunizm» propaganda darsini kiritgan inson edi. Bu fandan hatto davlat imtihonlari ham olingan.

Suslov sovet qo‘shinlarining Afg‘onistonga kiritilishi, Chexoslovakiya inqilobi bostirilishi, Polsha inqiroziga qarshi kurashish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda asosiy rol o‘ynagan. U yorqin rus millatchisi edi hamda kommunistik davlatlar Rossiya atrofida birlashishi kerak deb hisoblagan.

Suslov Brejnevning «turg‘unlik davri» sababchilaridan biri deya ko‘rsatiladi. Chunki 1960-70 yillarda kommunizm mafkurasida ham turg‘unlik yuz bergandi. Suslov davlatni boshqaruvchi uchlik a’zosi (Brejnev, Kosigin, Suslov) sifatida tashqi siyosat bilan faol shug‘ullana boshlagan hamda propaganda va ideologiya ishlaridan uzoqlashgan.

1970-yillarda Suslovning hokimiyati cheksiz edi. U hatto KGB bilan bemalol kurasha olardi. Masalan, 1970 yilda SSSRning Kanadadagi elchixonasining 17 nafar a’zosi diplomat maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyati uchun Kanadadan chiqarib yuboriladi. KGB rahbari Andropov SSSRning Kanadadagi elchisi Aleksandr Yakovlevni mamlakat manfaatlarini himoya qila olmaslikda ayblaydi va uni vazifasidan ozod etishni ilgari suradi. Biroq Suslov bir vaqtlar o‘z qo‘lida, propaganda boshqarmasida ishlagan Yakolevning yonini oladi va «O‘rtoq Yakovlevni KGB elchi qilib tayinlamagan» deya Andropovni o‘z fikridan qaytishga majbur qiladi.

Mixail Suslov mamlakatda yo‘q bo‘lgan payti qabul qilinganlar qarorlarni, qaytib kelgach bekor qildirgan. KPSS yig‘ilishlarida respublikalar yetakchilarini qattiq tanqid qilgan.

Suslov aslida Xrushchyovdan keyin Bosh kotib lavozimiga o‘tirish uchun kurashishi mumkin edi, lekin u ikkinchi rahbar bo‘lishni tanlagan. Bu paytda ham unda bosh kotiblik poygasida qatnashish uchun imkon bor edi. Biroq Brejnevdan so‘ng uning yangi yetakchi bo‘lishi aniq edi, chunki mamlakatning har qanday sohasida Suslov nazorati o‘rnatilgan, qarorlar uning fikrisiz qabul qilinmas edi.

Ammo Suslov Brejnevdan to‘qqiz oy oldin vafot etadi. Uning vafoti qarib, mamlakat ishlaridan deyarli uzilib qolgan Brejnevning vorisligi uchun kurashni boshlab beradi.

Suslovning dafn marosimi

Suslov Moskvaga, Kreml yonidagi mavzoleyga dafn qilinadi.

Top