18:56 / 02.08.2023
6510

Test kitobi varag‘ini olib ketgan abituriyent imtihondan chetlatildi

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan test sinovi paytida abituriyent qoidabuzarlik qilgani aniqlandi.

Foto: KUN.UZ

Jumladan, u kimyo fanidan test topshirig‘i kitobi varag‘ini yirtgan va o‘zi bilan olib ketgan. Uning qilmishi videokuzatuv tasviri orqali aniqlangan.

Qayd qilinishicha, abituriyent Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq test jarayonidan chetlatildi. 

Qonunchilikka ko‘ra, abituriyent imtihonga kalkulyator, lug‘at, kitob, jadval, kompyuter, uyali telefon, shpargalka, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalarni olib kirishga harakat qilsa, ulardan foydalansa, test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa, ularga yordam bersa, bir-biri bilan gaplashsa, test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshirig‘i kitobi varag‘ini yirsa, imtihon vaqti tugaganda test materiallarini topshirishdan bosh torsa test sinovidan chetlatiladi.

Shuningdek, abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent testdan chetlatiladi. Agar talabalikka qabul qilingan bo‘lsa, oliy ta’lim muassasasi talabasi safidan chiqariladi. Hujjatlari esa belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organiga yuboriladi. 

Top