Jamiyat | 20:46 / 22.08.2023
18140
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 49 nafar fuqaroning zaharlanishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

Fuqarolar 2023 yil 14-15 avgust kunlari zaharlangan. Sanepidem qo‘mita matbuot xizmati oradan bir hafta o‘tib ma’lumot berdi.

Foto: Videodan kadr

Qo‘mita ma’lumotida yozilishicha, 2023 yil 14-15 avgust kunlari Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasida joylashgan “Bir zumda” nomli fast-fud taomlarini tayyorlash va sotish savdo shoxobchasida tayyorlangan “hot-dog”dan 49 nafar fuqaro zaharlangan.

Bemorlar “ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisi bilan viloyat yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasiga yotqizilgan. 21 avgust holatiga ko‘ra, shifoxonada bo‘lgan bemorlarning barchasiga tibbiy muolajalardan so‘ng ahvoli yaxshilangani sababli uylariga javob berilgan.

O‘rganish jarayonida “hot-dog” tayyorlashda ishlatilgan sabzi salati Samarqand tumani Bog‘i tillo mahallasida yashovchi fuqaro M.S. tomonidan uy sharoitida tayyorlangani aniqlangan.

Sabzi salatini tayyorlashda ishtirok etgan xonadon a’zolari M.S. va A.U.dan ish anjomlaridan tayyor sabzi salati va ichimlik suvidan namunalar olinib, Sanepidqo‘mitaning Samarqand shahar bo‘limi laboratoriyalariga yuborilgan.

Shuningdek, “Bir zumda” nomli savdo shoxobchasida vakolatli organ bilan kelishilgan tartibda 2023 yil 18 avgust kuni tekshirish o‘tkazilgan.

Tekshirish davomida savdo shoxobchasida texnologik ehtiyojlar uchun ishlatilayotgan ish anjomlari markirovkalanmagani, idish yuvish xonasi sanitariya qoida va me’yorlarga zid ravishda tashkil etilgani hamda savdo shoxobchasida xavfsizligi kafolatlanmagan uy sharoitida tayyorlangan salatlar ishlatilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan “Bir zumda” savdo shoxobchasining ish faoliyati 18 avgustdan vaqtincha to‘xtatilgan va korxona rahbari A.A.ga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Avvalroq, 2023 yil 3 avgust kuni Urgut tumanida joylashgan to‘yxonada o‘tkazilgan to‘yda qatnashgan 42 kishi zaharlangan. Odamlarning zaharlanishiga qo‘lbola usulda tayyorlangan mayonezli salat sabab bo‘lgani aytilgandi.

Mavzuga oid