16:06 / 16.10.2023
5024

O‘zbekistonda turizm sohasi 2017–2023 yillarda: islohotlar qanday natijalarga olib keldi?

2017 yildan bugunga qadar O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida turizm sohasida yirik islohotlar olib borilmoqda. O‘tgan 6 yil mobaynida qanday oraliq natijalarga erishildi? Raqamlarga e’tibor beramiz.

Foto: Kun.uz

Viza rejimi soddalashtirildi

Ayni paytda 93 xorijiy davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish, 56 davlat uchun elektron kirish vizasi, 47 davlat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish, shuningdek, 76 davlat uchun turistik viza berishning yengillashtirilgan tartibi belgilandi.

55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga O‘zbekistonga keluvchi Xitoy, AQSh va Viyetnam fuqarolari uchun vizasiz kirish rejimi joriy qilindi.

Bundan tashqari, «Vatandosh», «Student visa», «Academic visa», «Medical visa» va «Pilgrim visa» kabi yangi kirish viza turlari belgilandi.

Turistlar soni

O‘zbekistonga kelgan xorijiy turistlar soni 2017 yilda 2,7 mln nafar bo‘lsa, 2022 yilda 5,2 mln, 2023 yil o‘tgan 9 oyida 4,3 mln.ni tashkil etmoqda. Turistlarning mamlakatimizda o‘rtacha qolish muddati 4–5 kunni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravarga ortdi.

Har bir xorijiy turistning respublika hududida bevosita sayohat xarajatlaridan tashqari sarflaydigan o‘rtacha mablag‘ summasi 2017 yilda 197 AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2023 yilda 400 AQSh dollariga yetdi va turizm eksporti hajmi 2023 yil 9 oyida 1,72 mlrd dollarga yetdi.

Mahalliy (ichki) sayyohlar soni ham 2017 yilga nisbatan 107 foizga o‘sib, 14,9 million nafarni tashkil qildi.

Turizm infratuzilmasi

Mehmon o‘rinlari soni 2017 yildagi 37 mingtadan 3,4 barobarga ko‘payib, 128 mingtaga yetdi. Joylashtirish vositalari soni 2017 yildagi 767 tadan 2023 yilda 5,5 mingtaga yetkazildi.

2017 yilda 749 ta turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 2 404 taga yetdi.

Gid-ekskursovodlar soni esa esa 574 tadan 2864 taga yetdi.

Yangi yo‘nalishlar

Respublikaning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan fuqarolar yig‘inlariga «Turizm mahallasi», «Turizm qishlog‘i» va «Turizm ovuli» maqomini berish va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy qilindi.

Mamlakatimizda birinchi bo‘lib Samarqand tumani Konigil qishlog‘ida 52 ta hunarmandchilik va dam olish maskanlari mavjud bo‘lgan «turizm qishlog‘i» tashkil etildi va 200 nafardan ortiq mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi.

2022 yil davomida Navoiy viloyatining Nurota tumanida Sentob turizm qishlog‘i hamda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Ertosh-soy va Ovjazsoy qishloqlariga «turizm qishlog‘i» maqomi berildi. Ushbu qishloqlarda 90 ta oilaviy mehmon uylari, 20 turdagi xizmatlar tashkil etilishi natijasida 400 ga yaqin qishloq aholisi bandligi ta’minlandi.

Toshkent viloyatining Angren shahrida Lashkarak va Parkent tumanida Kumushkon, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida G‘yelon, Boysun tumani Omonxona qishloqlariga turizm qishlog‘i maqomi berish yuzasidan choralar ko‘rilmoqda.

Sohaga jalb qilinayotgan investitsiyalar

2021 yilda turizm sohasidagi investitsiya loyihalari doirasida umumiy qiymati 11,4 trln so‘m bo‘lgan mablag‘lar o‘zlashtirilib, 495 ta loyiha amalga oshirildi. Davlat investitsiya dasturi doirasida mahalliy hokimliklar bilan birgalikda umumiy qiymati 1,2 mlrd AQSh dollari bo‘lgan 62 ta loyihada, 562,7 mln dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 31 ta loyiha ishga tushirildi.

2022 yilda turizm sohasida jami qiymati 22,1 trln so‘mlik 735 ta loyihalar ishga tushirilib, tarmoqda qo‘shimcha 23 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya jalb qilish hamda raqobatbardosh xizmatlarni yo‘lga qo‘yishga bergan e’tibor natijasida turizm bozorimizga Hilton, Marriott, Hyatt, Wyndham, InterContinental Hotels Group va Accor kabi yetakchi mehmonxona brendlari kirib kelmoqda. Ular nafaqat poytaxt Toshkent, balki, Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlariga ham qiziqish bildirib, o‘z faoliyatlarini tashkil qilmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari rahbarlari kengashining sammiti doirasida Samarqand shahrida 260 gektar maydonda yangi turistik markaz barpo etilib, jahon standartlari darajasidagi 8 ta mehmonxona ishga tushirildi. Mazkur loyihaga 516 mln dollar qiymatida investitsiya yo‘naltirildi.

Mamlakatning turistik imiji

Markaziy Osiyo davlatlarining madaniy merosini bir-biriga o‘zaro bog‘liq sifatida targ‘ib qilish bo‘yicha tashabbusiga asosan UNESCO’ning «Xiva deklaratsiyasi» qabul qilindi.

Islom hamkorlik tashkilotining joriy yildagi XI sessiyasida Xiva 2024 yil «Islom dunyosining turizm poytaxti» deb e’lon qilindi.

Turkiy davlatlar tashkilotining Turizm vazirlarining yig‘ilishida Qo‘qon shahriga «Ilk turizm poytaxti» nomi berildi.

Ispaniyaning Madrid shahrida o‘tkazilgan UNWTO’ning 24-sessiyasida ilk marotaba BMT tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning 25-Bosh assambleyasini 2023 yilda qadimiy Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

UNWTO O‘zbekiston eng tez turizm sohasi rivojlanayotgan 20 mamlakat ichida 4-o‘rinda e’tirof etdi.

«Jahon musulmon sayyohlari indeksi» reytingida 32-o‘rindan 22-o‘ringa ko‘tarilib, «eng jozibador» hamda «xavfsizlik va bag‘rikenglik darajasi yuqori» bo‘lgan 10 ta mamlakat qatoriga kirdi.

Top