Prezident Konstitutsiya kuni munosabati bilan bir guruh mahkumlarni afv etdi
Jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 334 nafar shaxs afv etildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan insonparvarlik siyosatining amaliy tasdig‘i sifatida «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, Konstitutsiyaning 109-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 334 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 34 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 249 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 6 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 45 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 18 nafarini chet el fuqarolari, 23 nafarini ayol, 15 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar hamda 88 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
18:37 / 01.04.2024
Turkmaniston prezidenti «Qadr kechasi» munosabati bilan 356 nafar mahbusni afv etdi
19:45 / 06.02.2024
Elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilindi
19:10 / 22.01.2024
Prezidentga sportdagi natijalar va rejalar bo‘yicha axborot berildi
19:05 / 22.01.2024