09:59 / 16.01.2024
4640

Voronejga dronlar hujum qildi, shaharda favqulodda holat rejimi joriy etilgan

Rossiya mudofaa vazirligi Voronej viloyati uzra Ukrainaning beshta droni urib tushirilganini ma’lum qildi. Voronej aholisi portlashlar ovozini eshitgan. Gubernator xabar berishicha, UUA parchalari qulashi natijasida bir bola jarohatlandi. Shaharda favqulodda holat rejimi joriy etildi.

Foto: Telegram / vadim_kstenin

16 yanvar, seshanbaga o‘tar kechasi Rossiya mudofaa vazirligi Voronej viloyati uzra Ukrainaning beshta dronini urib tushirgani va yana uchtasini tutib olganini ma’lum qildi. Mahalliy Telegram-kanallar Voronejning turli tumanlarida portlashlar eshitilgani, osmonda yorqin chaqnashlar kuzatilgani haqida yozgan. Baza xabariga ko‘ra, Teplichnaya ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy shikastlangan. 

Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusevning ma’lum qilishicha, urib tushirilgan dron parchalari kvartira ichiga tushgan. Oqibatda 2013 yilda tug‘ilgan qiz qo‘li, oyog‘i va bo‘ynidan kesilgan jarohatlar oldi, unga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi, deya aniqlik kiritdi mintaqa rahbari. Uning qo‘shimcha qilishicha, kvartira balkonida yong‘in chiqqan va u tezda o‘chirilgan. Bundan tashqari, gubernator so‘zlariga ko‘ra, yana bir qancha uylarning oynalari singan. 

Shahar meri Vadim Kstenin o‘zining Telegram-kanalida shaharda «qaror qabul qilish tezligi uchun» favqulodda holat rejimi joriy etilganini yozdi. Ukraina dronining parchalari tushgan uy aholisi evakuatsiya qilindi va vaqtincha maktabga joylashtirildi, deya qo‘shimcha qildi mer. U yetkazilgan zarar komissiya tomonidan baholanishiga va’da berdi.

Voronej viloyatiga aviabomba tushib ketishi

2 yanvar kuni Rossiya harbiy samolyoti Voronej viloyatining Petropavlovka qishlog‘iga «aviatsiya o‘q-dorilari»ni tashlab yubordi. Buni Rossiya mudofaa vazirligi tasdiqladi. Telegram-kanallarda joylashtirilgan videolarda vayron bo‘lgan uylar aks etgan, mahalliy aholi esa «ko‘chaning yarmi» zarar ko‘rganini aytgan. O‘shanda gubernator Gusev o‘q-dorilar tushib ketishi oqibatida hech kim jabrlanmaganini, biroq kamida yetti uyga zarar yetganini bildirdi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top