O‘zbekiston | 16:23 / 17.04.2024
9309
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda profilaktika inspektori mast erkak tomonidan pichoqlandi

Profilaktika inspektorlari janjal bo‘layotgani haqidagi xabarga aniqlik kiritish maqsadida Yangihayot tumanidagi oilaga borgan. Xonadon egasi ulardan birining ko‘krak qafasiga oshxona pichog‘i bilan urib, jarohatlagan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida profilaktika inspektori pichoqlandi. Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 14 aprel kuni Yangihayot tumani IIB XPB profilaktika inspektorlari bir xonadonda janjal bo‘layotgani haqidagi xabarga aniqlik kiritish maqsadida yetib kelishgan. Shu payt xonadon egasi mast holda xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, profilaktika inspektorlaridan birining ko‘krak qafasiga oshxona pichog‘i bilan bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.

Tan jarohati olgan profilaktika inspektori shifoxonaga olib borilgan va unga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 105- (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) va 219- (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent tumanida oilaviy janjal bo‘yicha chaqiruv olgan profilaktika katta inspektori pichoqlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid