Fan-texnika | 01:51 / 10.12.2024
2199
2 daqiqa o‘qiladi

Apple AQShdagi eng samarali boshqaruvga ega kompaniyaga aylandi

Tesla kompaniyasi esa reytingda innovatsiyadan boshqa har bir yo‘nalish bo‘yicha eng past bahoni olib, 103-o‘rindan 199-pog‘onaga tushib ketdi.

Foto: Reuters

Apple Inc. 2024 yilda Druker instituti tomonidan tuziladigan Management Top 250 reytingida eng samarali boshqaruvga ega Amerika kompaniyalari orasida birinchi o‘rinni egalladi.

Reytingda ikkinchi pog‘ona Nvidia’ga nasib etgan bo‘lsa, uch yildan beri peshqadamlikni qo‘ldan bermay kelayotgan Microsoft kompaniyasi uchinchi o‘rinni egalladi, to‘rtinchi o‘rin — Intel Corp.

Texnologik kompaniyalar reytingdagi dastlabki o‘nta o‘rindan oltitasini band qilgan: Alphabet — sakkizinchi, Adobe — to‘qqizinchi.

Shuningdek, top-10 ro‘yxatga Mastercard (5-o‘rin), Johnson & Johnson (6-o‘rin), Procter & Gamble (7-o‘rin), Philip Morris International (10-o‘rin) ham kiritildi.

Ushbu reyting iqtisodchi Piter Druker tadqiqotiga asoslanadi. U menejment samaradorligini baholashda iste’molchilarning qoniqish darajasi, moliyaviy barqarorlik, innovatsiyalar, ijtimoiy mas’uliyat va xodimlarning faolligi kabi mezonlarga tayanish kerakligini taklif qildi. Joriy yilda institut ekspertlari 842 ta kompaniyani baholagan.

Apple reytingda nafaqat birinchi o‘rinni egalladi, balki u alohida har bir toifada eng yaxshi ko‘rsatkichga erishgan 15 foiz kompaniyaning tarkibiga kirgan yagona tadqiqot ishtirokchisi bo‘ldi. Bunday holat birinchi marta qayd etilmoqda, oldinlari bu kabi ko‘rsatkichni yiliga o‘rtacha beshta kompaniya ko‘rsatar edi.

Tesla kompaniyasi esa Management Top 250 reytingida innovatsiyadan boshqa har bir yo‘nalish bo‘yicha eng past bahoni olib, 103-o‘rindan 199-pog‘onaga tushib ketdi.

Mavzuga oid