08:46 / 01.05.2015
2025

O‘zbekistonda viloyat hokimlarining yillik hisobotlari internetda e'lon qilinadi

oliy_majlis

30 aprel kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Deputatlar asosiy e'tiborni muhokamaga kiritilgan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasiga qaratdilar. Muhokamalar yakuniga ko‘ra, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq ijroiya hokimiyat organlari, hokimlarning vakillik organlari oldidagi mas'uliyati kuchaytirildi. Xususan, Konstitutsiyaning 103-moddasi viloyat, tuman va shahar hokimining tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etish majburiyatini belgilaydigan qoidalar bilan to‘ldirildi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan mazkur demokratik me'yorlarni amalga oshirish mexanizmlarini yaratish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun yangi 25-1-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, viloyat, tuman va shahar hokimlarining hisobotlari tegishli xalq deputatlari Kengashining viloyat, tuman va shaharning o‘tgan yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida taqdim etadi.

Hokimlarning hisobotini muhokama etishda Vazirlar Mahkamasining majlislarida, shuningdek, yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashlarida belgilangan baholar va vazifalarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati ochiqligini ta'minlash maqsadida tegishli hujjatlarni OAV va veb-saytlarda e'lon qilish shartligi nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonunning qabul qilinishi mahalliy hokimiyat vakillik organlarining nazorat funksiyalarini kuchaytirish, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi mas'uliyatini oshirishni ta'minlaydi. Qonunning amalda tatbiq etilishi mahalliy davlat hokimiyati organlari oldida turgan vazifalarni samarali hal etish, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va pirovard natijada har bir fuqaroning, jamiyatning manfaatlari va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasining e'tiborga molik jihatlaridan yana biri, muhokama yakunlariga ko‘ra xalq deputatlari Kengashining qarori qabul qilinadi, unda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari va hokimlar ishining samaradorligiga kompleks baho berilib, ularning ishini yanada takomillashtirishga doir tavsiyalar va takliflar, shuningdek, qaror amalga oshirilishining borishi ustidan nazoratni ta'minlashga doir chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan xalq deputatlari Kengashlari qarorlari va hokimlar hisobotlarining rasmiy nashrlar va joylardagi davlat hokimiyati organlari veb-saytlarida e'lon qilinishi shartligi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta'minlashga xizmat qiladi.

Top