Navoiy viloyatida 4,1mlrd dollarlik 50dan ziyod loyihalar amalga oshiriladi
Kun.uz: Navoiy viloyatida keyingi besh yillikda umumiy qiymati 4,1 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 50 dan ziyod investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bu haqda Navoiy viloyati hokimi, senator Erkinjon Turdimov ma'lum qildi.
Uning aytishicha, viloyatda yaqin uch yil ichida meva-sabzavotchilik sohasida umumiy qiymati 75 milliard so‘mdan ziyod 950ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, keyingi besh yillikda 70 ming gektardan ortiq ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 86 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ evaziga katta hajmdagi zarur agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
“Umumiy qiymati 4,1 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 50 dan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirish, xususan, quyosh panellari, telefon, planshet, kompyuter, noutbuk va televizorlar, tayyor kiyimlar, kalava ip, kaustik soda, azot kislotasi, yonuvchi slanetslar kabi 25 turdagi xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi viloyat iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi”, – dedi viloyat rahbari.
Uning fikricha, mamlakatimizda aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish, hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilash borasida ham salmoqli ishlarning istiqboliga alohida e'tibor qaratilmoqda.
“2015-2019 yillarda yana 1,1 ming kilometrlik ichimlik suv tarmoqlarini barpo etish, yo‘l kommunikatsiya sohasini rivojlantirish maqsadida 510 kilometr ichki yo‘llarni hamda 290 kilometr umumfoydalanuvdagi yo‘llarni kapital va joriy ta'mirlash belgilangan. Shuningdek, mazkur yillar davomida aholi salomatligini muhofaza qilish, ona va bola salomatligini mustahkamlash maqsadida 2 ta zamonaviy shifoxona barpo etish, 11 ta tibbiyot maskani hamda 17 ta qishloq vrachlik punktini kapital ta'mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilangan”, – ta'kidladi E.Turdimov.