17:06 / 04.05.2015
3162

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida oziq-ovqat xavfsizligi masalalari muhokama qilindi

[caption id="attachment_12317" align="alignnone" width="620"]Oliy Majlis binosi © Gazeta.uz / parliament.gov.uz Oliy Majlis binosi © Gazeta.uz / parliament.gov.uz[/caption] O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari hamda Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitalari hamkorligida “Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning xuquqiy asoslari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib, yer yuzida aholi soni tez sur'atlarda ko‘payib borayotgan bir vaqtda, oziq-ovqat mahsulotlarini jadal ishlab chiqarishga e'tibor qaratilmayotgan ayrim davlatlarda oziq-ovqat mahsulotlarga o‘ta tanqislik sezilayotgani, bu holat esa o‘z navbatida, ushbu mamlakatlarda ijtimoiy va siyosiy muammolar xavfini yuzaga keltirayotganini ta'kidlab o‘tdilar. Davra suhbatida O‘zbekistonda mustaqillikning ilk yillaridayoq oziq-ovqat xavfsizligi davlat xavfsizligining ajralmas qismi, davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralgani ta'kidlanib, o‘tgan davr mobaynida sohaga oid mustahkam qonunchilik asoslari yaratilgani, bu borada O‘zbekiston Prezidentining maxsus farmon va qarorlari hamda davlat dasturlari qabul qilingani alohida qayd etildi. “Qurg‘oqchilik, suv resurslari taqchilligi, turli kimyoviy moddalar va pestitsidlarni tinimsiz ishlatish natijasida yerlarning tabiiy holatini yo‘qotishi kuzatilmoqda. Bu o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladigan ekin maydonlarining qisqarishiga olib kelmoqda. Mamlakatimizda esa ana shunday ekologik muammolarning oldini olish borasida keng ko‘lamli sa'y-harakatlar olib borilmoqda. Yig‘ilishda ham ana shu chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish yuzasidan deputatlar, olimlar va ekspertlar fikr almashib oldik”, - deydi Toshkent davlat agrar universiteti dotsenti Z.Norboyev. Bugungi kunda agrar sohani diversifikatsiya qilish natijasida suv ko‘p talab qilinadigan paxta, sholi kabi qishloq xo‘jaligi ekinlari maydoni sezilarli darajada kamaytirildi. Ushbu ekinlar o‘rniga resurstejamkor texnologiyalar asosida intensiv mevali bog‘lar va uzumzorlar barpo etildi, sug‘orma dehqonchilikda asosiy e'tibor g‘alla va sabzavot yetishtirishga qaratildi. Natijada suvni iqtisod qilishga erishildi. “Ta'kidlab o‘tish joizki, mamlakatimiz bugungi kunda nafaqat o‘zining ichki oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlamoqda, balki qo‘shni davlatlar oziq-ovqat bozoriga ham mahsulot eksport qilmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash masalasida bugun dunyoning ayrim mintaqalarida murakkab vaziyat yuzaga kelmoqda. Shu nuqtai-nazardan bu boradagi xalqaro qonunchilik me'yorlarini o‘rganish, shuningdek, sohaning qonunchilik asoslarini yana bir bor tahlil qilish o‘tkazilgan tadbirning maqsadlaridan biridir”, – deydi O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhi, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a'zosi Q. Nosirov. Bo‘lib o‘tgan davra suhbatida quyi palataning 2015 yilga va keyingi yillarga mo‘ljallangan tashkiliy-huquqiy tadbirlari, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil ishlari dasturi doirasida sohaning qonunchilik asoslarini yanada mustahkamlash, mavjud qonunlar ijrosi bo‘yicha nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazish hamda huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish ishlariga asosiy e'tibor qaratish belgilab olindi. Xususan, amaldagi “Oziq-ovqat mahsulotlarini sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Texnik me'yorlashtirish to‘g‘risida”gi, “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi, “Iste'molchilar xuquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Veterinariya to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha aniq takliflar berildi. Davra suhbati yakunida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Top