13:28 / 07.05.2015
4178

Namanganda soxta Pepsi ishlab chiqaruvchilari qo‘lga olindi

Namangan shahrida yashovchi aka-uka Nodir va Qodir Qosimovlarning (ism-shariflar o‘zgartirilgan) qo‘lbola Pepsi ishlab chiqarish bilan shug‘ulanganligi fosh etildi.
“Huquq” gazetasida yozilishicha, ular o‘z sheriklari, muqaddam sudlangan Nortoy bilan Namangan shahridagi Chorsu bozoridan gazli suv sotish uskunasini xarid qilib, xonadonlariga o‘rnatgan. So‘ng kafe va restoranlarni aylanib, Pepsi yorlig‘i yopishtirilgan bo‘sh yelim idishlarni yig‘ishtirishga kirishishgan. Mo‘ljaldagi idishlar yig‘ilgach, gazli suv, shakar va sirop qo‘shib, bir qarashda haqiqiy Pepsi’dan farq qilmaydigan mahsulot tayyorlangan.
Bu qalbaki ichimlik turli savdo nuqtalari va kafelarga o‘tkazila boshlangan. Bozorlarda mahsulot ko‘tarasiga pullangan. Bir kuni ular tanish do‘konchiga 12 dona 0.5 va 6 dona 1.5 litrli qalbaki salqin ichimlikni 70 ming so‘mga sotayotgan paytda jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Ularning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, Pepsi yorlig‘i yopishtirilgan polietilen idishdagi salqin ichimliklar, mahsulot tayyorlash uchun foydalanilgan uskuna, bo‘sh idishlar, qopqoqlar va boshqa jihozlar topilib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirilgan.
Tergov yakunlangach, Nodir va Qodir Qosimovlar hamda ularning sherigi Nortoy Abbosovlarga sud tomonidan tegishli jazolar belgilab berildi.

Top