10:05 / 07.05.2015
3851

Qirg‘iziston aloqa operatori o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatishda davom etadi

Qirg‘izistonning MegaCom aloqa operatori mijozlarga o‘zbek tilida texnik xizmat ko‘rsatishdan voz kechmaydi. Bu haqda Qirg‘iziston telegraf agentligiga kompaniya matbuot xizmati xodimlari ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, kecha xonanda Bek Borbiyev Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida kompaniyadan mijozlarga o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishni talab qilgan. Agarda bu talab 15 mayga qadar bajarilmasa, u kompaniyaga qarshi muddatsiz norozilik mitinglari tashkil etishga va'da bergan. Shuningdek, talab bajarilmagan taqdirda u abonentlarni kompaniya xizmatlaridan voz kechishga chaqirgan.

Shunga qaramay, MegaCom o‘zbekcha servislarni to‘xtatmasligini ma'lum qildi.
“Bizning kompaniyamiz Qirg‘iziston qonunchiligi doirasida o‘z faoliyatini amalga oshiradi, bunda hech qanday siyosat yo‘q. Biz ma'lumot olish uchun o‘z ona tilida murojaat qiladigan abonentlar sonini e'tiborga olamiz. O‘zbek tilli aholi mamlakatning janubida ko‘p nufusda istiqomat qiladi, shu bois ularning o‘z tillarida xizmat ko‘rsatish haqida qaror qabul qilingan”, - deydi kompaniya vakili.
Kompaniya mijozlarga qirg‘iz, rus va o‘zbek tillarida xizmat ko‘rsatadi. Bu boradagi bayonotlardan birida kompaniya rasmiylari Qirg‘izistonday ko‘p millatli davlatda barcha insonlarning ona tilida xizmat ko‘rsatish qonunchilik bilan mustahkamlangan holat ekanligini ta'kidlab o‘tishgan edi.

Top