08:12 / 12.05.2015
1728

Apple Xitoyda o‘rmonlarni muhofaza qilish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni boshlamoqda

Apple kompaniyasi Xitoyda o‘rmonlarni muhofaza qilish bo‘yicha loyihani amalga oshirishni boshlamoqda, deb yozmoqda Bloomberg axborot agentligi.

Loyiha Jahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshiriladi. Dasturning maqsadi Xitoyda sellyuloza, qog‘oz va yog‘och materiallari ishlab chiqarishda foydalaniladigan 1 mln akrga yaqin o‘rmonning butligini ta'minlashdan iborat. 

“Biz Xitoyda tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha oldingi qatorda bo‘lishni xohlayotgan, sohamizning yetakchilari bilan ishlashdan mamnunmiz”, deb aytdi kompaniya bosh ijrochi direktori Tim Kuk.

Avvalroq Apple o‘zining ishlab chiqarish ehtiyojlariga ishlatiladigan tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha dasturini kengaytirishni mo‘ljallayotgani ma'lum bo‘lgandi. Yaqinda Apple mahalliy energetik kompaniyalar bilan hamkorlikda Xitoyning Sichuan viloyatida 40 MVt li quyosh stansiyasini ishga tushirish loyihasini boshlashi e'lon qilingandi.

Top