09:48 / 14.05.2015
6675

Bahrayn qiroli Obama bilan uchrashishdan ko‘ra otlar ko‘rgazmasini afzal ko‘rdi

Bahrayn qiroli Hamad ibn Iso Ol Xalifa AQSh va arab davlatlari sammitidan ko‘ra otlar ko‘rgazmasida qatnashishni ma'qul ko‘rdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, Hamad ibn Iso Kemp-Devidda bo‘lib o‘tadigan Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorligi Kengashining AQSh rahbari bilan uchrashuviga bormay, Buyuk Britaniyada boshlangan Vindzor qirollik ot ko‘rgazmasiga yo‘l olgan. U yerda Hamad ibn Iso Britaniya qirolichasi Yelizaveta II bilan uchrashadi.
Sammitda BAA, Ummon, Qatar, Quvayt rahbarlari ishtirok etmoqda. Ilgariroq Saudiya Arabistoni qiroli ham tadbirga bora olmasligini ma'lum qilib, ikki nafar shahzodani yo‘llagan edi.
Ma'lum bo‘lishicha, sammitda mintaqadagi vaziyat, birinchi navbatda Yaman inqirozi, AQSh va arab davlatlari hamkorligining keyingi istiqbollari muhokama qilinadi.

Top