18:34 / 18.05.2015
2022

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Yevrokomissiya vitse-prezidenti bilan uchrashdi

2015 yilning 18 may kuni Bryussel shahriga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar Vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning Energetika ittifoqi masalalari bo‘yicha komissari Marosh Shevchovich bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2011 yilning yanvar oyida Bryussel shahriga tashrifi doirasida imzolangan energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston va YeI o‘rtasida o‘zaro tushunish to‘g‘risidagi memorandumni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, mazkur hujjat ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikka yangi turtki bo‘ldi. Hozirgi kunda qator yetakchi Yevropa kompaniyalari O‘zbekistonda investitsion loyihalarni amalga oshirishda hamda energetika tizimi obektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha tender jarayonlarida ishtirok etmoqda.

O‘zbekistonda 2015−2019 yillarda energetika sohasini tarkibiy o‘zgartirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta'minlash bo‘yicha qiymati 38 mlrd dollar bo‘lgan 870ta yirik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan davlat dasturi qabul qilinganligi to‘g‘risida Yevropa tomoniga ma'lumot berildi.

Uchrashuvda ba'zi mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.


Top