07:11 / 18.05.2015
3052

O‘zbekistonda qrim tatarlari deportatsiyasining 71 yilligi yodga olindi

17 may kuni Toshkentda qrim tatarlarining deportatsiya qilinganiga 71 yil to‘lishi munosabati bilan motam tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda “Avdet” qrimtatar milliy madaniy markazi, Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida Toshkentdagi qatag‘on qurbonlari xotirasi yodgorlik majmuasiga gullar qo‘yildi.

Bundan tashqari, Qatag‘on qurbonlari muzeyida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi, “Avdet” qrimtatar milliy madaniy markazi va Ukraina elchixonasi vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida chiqish qilgan Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi qrim tatarlarining milliy fojiasi haqida qisqacha gapirdi. Shuningdek, u Rossiya qaramog‘iga o‘tgan Qrim yarim orolida mahalliy xalqning huquqlari buzilayotganini ta'kidladi.

Ma'lumot uchun, 1944 yilning 18-21 may kunlari SSSR rahbariyati tomonidan Qrim yarim orolida istiqomat qilib kelayotgan 200 ming nafar qrim tatarlari majburiy tartibda O‘rta Osiyoga deportatsiya qilingan. Yo‘lda ko‘chirilayotganlarning taxminan 40 foizi ochlikdan va kasalliklardan halok bo‘lgan. Har yili 18 may kuni qrim tatarlari deportatsiya qurbonlarini yodga oladi. 2014 yildan buyon Ukrainada 18 may Qrim tatarlarining huquqlari uchun kurashish kuni sifatida nishonlanadi.

Top