12:27 / 18.05.2015
2905

Poroshenko NKVDni Gestapoga tenglashtirdi

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko SSSR Ichki ishlar xalq kommisarligini (NKVD) Gitler Germaniyasining maxfiy politsiyasi – Gestapo bilan tenglashtirdi. Bu haqda u qatag‘on qurbonlarini xotirlash kunidagi chiqishida aytib o‘tdi.
17 may kuni Ukrainada qrim tatarlari deportatsiyasining 71 yilligi hamda siyosiy qatag‘on qurbonlarini xotirlashga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi. Tadbir chog‘ida mamlakat rahbari to‘planganlar oldida chiqish qilib, Ukraina xalqining yana bir bor genotsid qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini ta'kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, u SSSR va Uchinchi Reyxning jazo mashinalari – NKVD hamda Gestaponi o‘zaro qiyoslab, ikkisining o‘xshash jihatlarini belgilab berdi.
“Ikkalasi ham bir-biridan jinoiy tajriba orttirib, o‘z qurbonlarini yoppasiga yo‘q qilish texnikasini takomillashtirib borgan. Vabo qizilmi, jigar rangmi, vaboligicha qolaveradi”, – dedi Poroshenko.
Eslatib o‘tamiz, har yili 18 may kuni qrim tatarlari deportatsiyasi yodga olinadi. 2014 yildan buyon Ukrainada 18 may Qrim tatarlarining huquqlari uchun kurashish kuni sifatida nishonlanadi.

Top