17:29 / 20.05.2015
3654

Nukusda o‘smirlar va qizlar o‘rtasida turon yakkakurashi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi

Nukusda 1998-1999 va 2000-2001 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida turon yakkakurashi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar tarqatdi.

2000-2001 yillarda tug‘ilganlar o‘rtasidagi Turon yakkakurashining jang san'ati yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada Toshkent viloyatidan Shohruh Haydarov, Toshkent shahridan Saidazim Abduhamidov, mezbonlar vakili Ozod O‘rinboyev o‘z vazn toifasida O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.

Qizlar o‘rtasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Uldavlat Boymurzayeva hamda Nesibeli O‘rozboyeva birinchi o‘rinni egallab, chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.

1998-1999 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida esa turon yakkakurashining ko‘pkurash yo‘nalishi bo‘yicha respublika turniri g‘oliblari aniqlandi. Unda Buxoro viloyatidan Muzrob Muzaffarov va Bobur Shukurov, Toshkent shahridan Shohruh Ahadov va Shohjahon Fayziyev g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Qizlar o‘rtasidagi bahslarda Surxondaryo viloyatidan Fotima Abdunazarova, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Gulbonu Bo‘ronboyeva va Gulfiya Quvonchboyevaning qo‘li baland keldi.

G‘oliblarga diplom va medallar topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston Turon yakkakurashi federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqalarda barcha viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 400 dan ziyod sportchi ishtirok etdi.

Top