21:29 / 20.05.2015
1730

O‘zbekistonlik bokschilar 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun kurashadi

29-30 may va 5-6 iyun kunlari boks bo‘yicha APB (AIBA Pro Boxing) musobaqasining birinchi davrasining ilk uchrashuvlari o‘tkaziladi.

To‘rt oy davomida musobaqaning 10 ta vazn toifasida ilk chempionlarni aniqlash bo‘yicha pre-reyting bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. Chempionlar aniqlangandan keyin, AIBA (Milliy boks federatsiyalari uyushmasi) muntazam davralar o‘tkazilishini e'lon qildi. Har yili 10 vazn toifasining har birida titul janglari o‘tkaziladigan APB ning ikkita davrasi bo‘lib o‘tadi. 2015 yilning 1-davrasi Rio-de-Janeyroda 2016 yilda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga saralash bosqichining bir qismi bo‘ladi, unda bokschilarga har bir vazn toifasida 2 ta yo‘llanma uchun kvota taqdim qilingan. Titul jangining ikkala ishtirokchisi ham Olimpiadaga yo‘llanma oladi. Shu tariqa, 1-davra bellashuvlarining 2-bosqichi deyarli Olimpiadaga saralash musobaqasi bo‘ladi. O‘zbekistondan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritish uchun Jasurbek Latipov (52 kg gacha vazn toifasi), Xurshid Tojiboyev (60 kg gacha) va Oybek Mamazulunov (81 kg gacha) ishtirok etadi.

29-30 may kunlari Jasurbek Latipov qozog‘istonlik bokschi Ilyos Sulaymonov bilan bellashadi. Latipov pre-reyting janglarida bu bokschiga yutqazib qo‘ygan. Shu tariqa hamyurtimizda mag‘lubiyat uchun “o‘ch olish” imkoniyati paydo bo‘ladi.

O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmatida xabar berilganidek, 29-30 may kunlari Xurshid Tojiboyev irlandiyalik Devid Joysga, 5-6 iyun kunlari Oybek Mamazulunov germaniyalik Serj Mishelga qarshi ringga tushadi.

Top