17:34 / 22.05.2015
7899

AQShlik milliarder Jorj Soros yangi jahon urushi sodir bo‘lishi ehtimoli borligini aytmoqda

AQShlik milliarder Jorj Sorosning fikricha, yangi jahon urushi sodir bo‘lishi ehtimoli bor. Uning aytishicha, urushning boshlanishiga Xitoy va AQSh o‘rtasidagi mojaro sabab bo‘lishi mumkin.

Sorosning fikricha, shunday vaziyat agar Xitoy o‘zining iqtisodiyotini eksportga emas, balki ichki ehtiyojlariga qaratsa yuz berishi mumkin. Unda Xitoy hukumatiga o‘z hokimiyatini ushlab qolish uchun tashqi to‘qnashuv kerak bo‘ladi.

“Xitoy va AQShning harbiy ittifoqchisi Yaponiya bilan to‘qnashuv sodir bo‘lsa, biz uchinchi jahon urushi ostonasida bo‘lib qolamiz, deb bo‘rttirmasdan aytishimiz mumkin”, deydi Soros.

Milliarderning fikricha, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun AQSh Xitoyga “yon bosishiga”, ya'ni yuanni Xalqaro valyuta jamg‘armasining valyuta savatchasiga kiritilishiga rozi bo‘lishi kerak bo‘ladi. Xitoy valyutasi bu holda dollarga jiddiy raqobat tashkil etishi mumkin. Xitoy bunga javoban o‘z iqtisodiyotini qayta o‘zgartirish borasida yon bosishi talab etiladi.

Sorosning aytishicha, Xitoy va AQSh murosaga kelishi qiyin, biroq ular buni amalga oshira olishmasa, “oqibati yomon bo‘ladi”. Aks holda Xitoy Rossiya bilan siyosiy va harbiy ittifoq tuzishining jiddiy xavfi mavjud bo‘lib, unda yangi jahon urushi xavfi haqiqatda yuzaga keladi, deb aytmoqda Soros.

Top