16:30 / 23.05.2015
2176

Sirdaryoda tomorqalarda sabzavot va meva mahsulotlari yetishtirish uchun 44,1 mlrd so‘m mikdorida kredit mablag‘i yo‘naltirildi

Sirdaryo viloyatidagi 423ta fuqarolar yig‘inlarining jamoatchilik nazorati va iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissiyalari taklifi bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondining viloyat bo‘limi, qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar hamkorligida 8ta qishloq tumanlarida 81ta agrofirma tashkil etildi. Bu haqda “Turkiston-Press” axaborot agentligi xabar tarqatdi.

«Mazkur agrofirmalar yordamida aholi xonadonlaridagi 13 ming 900 gektar yer maydoniga 4200 tonna sabzavot va poliz ekini, 107 ming 900 tup ko‘chat ekildi».

«Buning uchun tijorat banklari tomonidan 44,1 milliard so‘m mikdorida kredit mablag‘i yo‘naltirildi. Iste'molchilarning sifatli, arzon urug‘ va ko‘chat xarid qilishlari uchun ko‘chma do‘konlar xizmati yo‘lga qo‘yildi», — deydi Sirdaryo viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Abduazim Xidirov.

E'tiborlisi, bugungi kunda viloyatda ishlab chiqarilgan yalpi ichki mahsulotning asosiy qismi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga to‘g‘ri kelishida tomorqa xo‘jaliklarining alohida ulushi borligi quvonarli. Bu esa bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari ko‘payib, narx-navoning barqarorlashayotganidan, aholi bandligi ta'minlanayotganidan dalolatdir, deya yoziladi agentlik xabarida.

Top