15:03 / 24.05.2015
2417

Marokashdagi dzyudo bo‘yicha turnirda Rishod Sobirov ilk o‘yindayoq yutqazdi

Marokashning Rabot shahrida dzyudo bo‘yicha “Masters” seriyasiga kiruvchi nufuzli turnir davom etmoqda. -60 kg vazn toifasida yurtimiz sport sharafini himoya qilgan Sharofiddin Lutfullayev bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

E'tiborga molik jihati shundaki, Lutfullayev bronza medali uchun kechgan bellashuvda yana bir hamyurtimiz Diyorbek O‘rozboyevni mag‘lubiyatga uchratdi. Diyorbek 5-o‘rinni egalladi. Sharofiddin avvaliga armanistonlik Davtyan Xovvanesni, keyin gruziyalik Amiran Papinashvili taslim etdi. Yarim finalda esa bo‘lajak chempion yaponiyalik Naoxisa Takatoga imkoniyatni boy berdi.

O‘rozboyev ilk bahsida mo‘g‘ulistonlik ancha taniqli dzyudochi Xerlen Ganboldni yengdi. Keyin esa yana bir mo‘g‘ul polvoni Boldbaatar Ganbatga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. O‘tish turnirida germaniyalik Tobias Englmayyerni yutdi, ammo jamoadoshi Lutfullayevga yutqazib qo‘ydi.

- 66 kg vazn toifasida ishtirok etgan ikki karra Olimpiya o‘yinlarining bronza medal sovrindori Rishod Sobirov esa kutilmaganda ilk bellashuvidayoq rossiyalik Mixail Pulyayevga imkoniyatni boy berdi. -73 kg vaznda hamyurtlarimizdan hech kim ishtirok etmadi.

Bundan tashqari, -81, -90 va +100 kg vazn toifalarida ham bizdan hech kim Marokashga bormagan. Ayollar terma jamoamiz ham bu musobaqada ishtirok etmadi. Bugun -100 kg vazn toifasida Ramziddin Saidov gilamga chiqadi. U ilk davrada gollandiyalik Xenk Grol bilan hisob-kitob qiladi.

Top