20:39 / 25.05.2015
2605

Peterburgda o‘zbekistonlik ayol o‘zi ishlagan uy egasini tunagani uchun shartli jazoga tortildi

Sankt-Peterburgning Petrograd tumani sudi O‘zbekiston fuqarosi Ra'no Abduraximovaga katta miqdorda o‘g‘irlik sodir etgani uchun jazo hukmini chiqardi.

Sudning aniqlashicha, o‘zbekistonlik ayol 2014 yilning sentabrida 2-Berezova xiyobonidagi uylardan birida yashovchi ayolning uyiga uy xizmatchisi bo‘lib ishga kirgan. U shu yerning o‘zida yashagan va uy egasining farzandlariga enagalik qilgan. Abduraximova maoshdan tashqari uydagi barcha sharoitlardan foydalangan, uy egasidan turli sovg‘alar va oziq-ovqatlar olib turgan.

2015 yil fevralda uy bekasi ishdan uyiga qaytganda kvartiraning eshigi ochiqligini payqagan. Kvartiradan umumiy miqdori 357 ming rubllik mol-mulk hamda ikkita planshet kompyuter va zargarlik buyumlari yo‘qolgani aniqlangan. Shuningdek, 4 ming dollar va 1 ming yevro miqdorida naqd pul ham o‘g‘irlab ketilgan. Ayol uy xizmatchisiga qo‘ng‘iroq qilganda, uning telefoni javob bermagan. Ayol politsiyaga murojaat qilgan. Abduraximova o‘g‘irlangan mol-mulk va pullar bilan bir necha kundan keyin ushlangan.
Sudda ayol o‘z qilmishidan pushaymonligini aytgan hamda jabrlanuvchiga barcha yetkazilgan ziyonni qoplagan. Sud ayblanuvchining kichik yoshli farzandi borligini hisobga olib, uni 2 yil 6 oyga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etdi.

Top