14:32 / 25.05.2015
9800

Xayr, maktab – salom, kollej!

Bizga bitiruvchilar emas, maktab
ta'limi va tarbiyasini ko‘rgan shaxslar kerak.
Islom KARIMOV

Mustaqillik yillarida muhtaram Prezidentimiz tomonidan ta'lim tizimini isloh qilish, shu jumladan, maktab ta'limini rivojlantirish, hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni tarbiyalashga katta e'tibor qaratilmoqda.
Bugun respublikamizdagi barcha umumta'lim maktablarida “Xayr, maktab – salom, kollej!” tadbirlari “Zamonaviy bilimlar bilan zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lamiz” shiori ostida ko‘tarinki ruhda tashkil etilib, tadbir mohiyatini bitiruvchilarni ta'limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olishga yo‘naltirildi. Tadbirlarda mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, maktabning sobiq bitiruvchilari va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirlarda faxriy ustoz-murabbiylar, pedagog va ota-onalar mustaqillik yillarida mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, xalq ta'limi tizimidagi islohotlar, o‘qituvchi va o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtaldi.
O‘z qobiliyati va iqtidori bilan bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi, turli sport musobaqalarida yuqori o‘rinlarni egallab, ustozlari va ota-onalar ishonchini oqlagan o‘quvchilar alohida taqdirlandi. Shuningdek, “Eng ibratli o‘quvchi”, “Eng faol o‘quvchi”, “Ijodkor o‘quvchi”, “Yosh ixtirochi”, “Maktabimiz faxri”, “Sport ustasi”, “Kompyuter ustasi”, “Eng orasta qiz” kabi nominatsiyalar bo‘yicha iqtidorli va namunali o‘quvchilar taqdirlandi.
Shuningdek, tadbir davomida Prezidentimizning 2015 yil 9 may kuni ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda bildirilgan vazifalarni o‘quvchi-yoshlarga yetkazishga, yoshlar ongida Vatanga muhabbat, keksa avlod vakillariga hurmat, tinchlik va osoyishtalikka daxldorlik tuyg‘ularini kuchaytirish hamda “Biz kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan savolning mazmun-mohiyatini tushuntirishga alohida e'tibor qaratildi.
Tadbir nihoyasiga yetgach, barcha maktab bitiruvchilari o‘z qiziqishi bo‘yicha tanlagan akademik-litsey va kasb-hunar kollejiga ota-onalari bilan birga tashrif buyurib, u yerdagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Aytish joizki, 2014-2015 o‘quv yili davomida umumta'lim maktablarining 9-sinfini tugatayotgan 483 ming nafar o‘quvchini ta'limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olish maqsadida bir necha bor “So‘rovnoma”lar o‘tkazilib, ularning akademik litsey yoki kasb-hunar kollejida o‘qishni davom ettirish istagi aniqlandi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra bitiruvchilarning 42 ming nafari (8,7%) akademik litseylarda, 441 ming nafari (91.3%) esa kasb-hunar kollejlarida o‘qish niyatida ekanini bildirgan.
9-sinf bitiruvchilari uchun “Men tanlagan kasbni-kelajak hayotimdagi o‘rni” mavzusida insholar tanlovi, “Kasblar festivali”, “Ochiq eshiklar kuni”da o‘zi yashab turgan hududdagi ishlab chiqarish korxonalari, fermer ho‘jaliklari, ta'lim muassasalariga sayohat va ekskursiyalar tashkil etildi.

Qisqa satrlarda:
• Xalq ta'limi vazirligi tizimida 9698 ta umumta'lim maktabi, 4930 ta maktabgacha ta'lim muassasasi, 278 ta bolalar musiqa va san'at maktabi, 490 ta bolalar va o‘smirlar sport maktabi, 211 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda;
• 2015 yilning o‘tgan davri mobaynida umumta'lim maktalarining 95 nafar o‘quvchisi turli xalqaro musiqa tanlovlarida faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi;
• 2014 yilda 56 ta nufuzli xalqaro sport tadbirlarida jami 469 nafar (shundan 171 nafari qizlar) o‘quvchilarimiz ishtirok etib, 126 ta oltin, 105 ta kumush va 160 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi;
• Joriy yilda 3 nafar umumta'lim maktablarining iqtidorli qizlari Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi;
• 2014 yil investitsiya dasturiga muvofiq 381 ta maktablarda qurilish ta'mirlash ishlari olib borilgan bo‘lsa, jami 3024 ta umumta'lim maktablari mebel o‘quv-labaratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikalari va sport anjomlari bilan jihozlandi;
• 2014-2015 o‘quv yilida 605 nomdagi 34,5 mln. nusxa darsliklar chop etilib, umumta'lim maktablariga yetkazib berildi.

Xalq ta'limi vazirligi
Axborot xizmati
Telefon: 239-17-35, 239-42-14,
www.uzedu.uz, press@xtv.uz

Top