20:10 / 26.05.2015
2604

O‘zbekistonda paxta tolasini qayta ishlash hajmi 50 foizga yetdi

Bugungi kunda O‘zbekistonda paxta tolasini qayta ishlash hajmi 50 foizga yetdi hamda 480 ming tonnaga yaqinni tashkil qilmoqda.

“Turkiston-press” milliy axborot agentligining xabar berishicha, bunday ma'lumotlar “TextileExpo Uzbekistan” ko‘rgazmasining o‘tkazilishiga bag‘ishlangan 2015 yil 25 maydagi matbuot-anjumani davomida aytib o‘tildi.

“O‘zbekengilsanoat” DAKning texnik siyosat va prognozlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilbar Muxammedovaning ta'kidlashicha, bugungi kunda O‘zbekistonda to‘qimachilik va yengil sanoat ishlab chiqarishiga ixtisoslashgan turli mulkchilik shaklidagi 3 mingdan ortiq korxonalar ro‘yxatdan o‘tgan.

D.Muxammedovaning ta'kidlashicha, oxirgi 10 yilda bu sohaga investitsiyalar miqdori 2 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qildi. Bu mablag‘lardan aksariyat qismi xorijiy investitsiyalarga to‘g‘ri kelmoqda. Investorlar orasida Yevropa Ittifoqi, Turkiya, Hindiston, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlar kompaniyalari bor.

Xususan, O‘zbekistonda Daewoo International, Shindong (Janubiy Koreya), Tekfen, Alkim Textile (Turkiya) kabi yirik kompaniyalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Singapurning “Indorama” kompaniyasi ishtirokida yirik loyiha amalga oshirilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda Shveytsariyaning “Riter” kompaniyasi ishtirokida ilk bor to‘qimachilik mashinasozligi zavodi qurildi.

2014 yilning o‘zida DAK tizimida 30dan ortiq yangi korxona foydalanishga topshirilgan.

2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash dasturining qabul qilinishi sohada amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Dastur doirasida 2019 yilga qadar to‘qimachilik va tikuv-trikotaj ishlab chiqarishida mahsulot hajmini o‘rtacha 1,8 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan DAK 77ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirgan. Ulardan 56tasi yangi loyihalarni amalga oshirish va mavjud korxonalarni texnologik modernizatsiyalash loyihalari, qolgan 21tasi esa xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalardir. Bu loyihalarni amalga oshirish uchun jalb qilinadigan investitsiyalar miqdori 918 mln dollardan ko‘proqni tashkil qiladi. Loyihalarni amalga oshirish uchun korxonalarning shaxsiy mablag‘lari, xorijiy investorlar hamda yurtimizda faoliyat yuritayotgan banklar, jumladan O‘zbekiston Milliy banki, Asaka bank”, “Infin Bank”, “Ipoteka Bank” va boshqa banklarning mablag‘laridan foydalanish rejalashtirilgan.

Top