10:37 / 27.05.2015
3363

«Hamshira – 2015» respublika ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmalari kengashi va «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining shahar bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli davlat, jamoat tashkilotlari vakillari, shifokorlar, hamshiralar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Davlat rahbarining 2014 yil 1 avgustdagi «2014-2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori va «Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturi doirasida bu boradagi ishlar tobora kengaymoqda. 

Bugungi kunda Toshkentdagi tibbiyot muassasalarida qariyb yigirma bir ming hamshira aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Ularning bilim va malakasini yanada yuksaltirish, tibbiyot kollejlarida yoshlarga jahon andozalari bo‘yicha bilim berish, ustoz – shogird, kollej – korxona aloqalarini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilayotir. 

Tanlovning Toshkent shahar bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Unda tumanlarda g‘olib bo‘lgan o‘n bir nafar hamshira o‘zaro bahslashdi. Tanlovning amaliy qismi poytaxtimizdagi 7-shifoxonada o‘tkazildi. Unda hamshiralarning ish tajribasi sinovdan o‘tkazildi. Tibbiyot xodimalarining nazariy bilimi, ma'naviy dunyoqarashi, siyosiy-ijtimoiy, ijodiy salohiyatiga ham e'tibor qaratildi. Yashnobod tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hamshirasi Madina Sayfiddinova barcha shartlarni to‘laqonli bajarib, birinchi o‘rinni egalladi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. 

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

Top