23:15 / 27.05.2015
4045

Inxa universitetining Toshkentdagi filialida "Logistika" mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitish joriy qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Abdug‘aniyevichning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 2015 yilning 26 may kuni Seul shahrida O‘zbekiston-Koreya biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

Savdo, sanoat va energetika vazirligi tomonidan tashkil etilgan forum ishida Koreya tomonidan 300dan ortiq ishtirokchi, shu jumladan Koreya hukumati, savdo, sanoat va energetika, tashqi ishlar, kommunikatsiyalar, infratuzilma, qurilish va transport, qishloq xo‘jaligi va mintaqaviy taraqqiyot vazirliklari rahbarlari ishtirok etishdi.

Shuningdek, tadbirda Koreya gaz korporatsiyasi, "Lotte group", "Samsung", "LG", "Hyundai", "Hanjin group", "Korean Air", "GM Korea", "GS", "Posko", "Xanva", singari ko‘plab yetakchi koreys kompaniyalari, Eksimbank, Koreya rivojlanish banki, "Koreya ekschendj bank", "Shinxan bank" va boshqa moliyaviy institutlar ham qatnashdi.

Biznes-forumda so‘zga chiqqan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari tarmog‘i vakillari O‘zbekistonda ushbu sohaning jadal o‘sish suratlari va katta istiqbollarini ta'kidlashdi.

"Bugun "Navoiy" aeroporti negizidagi xalqaro intermodal logistika markazi Markaziy Osiyodagi eng yirik va eng zamonaviy tramsport-logistik xab bo‘lib, u eng yuqori xalqaro mezonlarga javob beradi", deydi "Korean Air" kompaniyasi prezidenti Chi Chang Xun.

Uning ma'lumot berishicha, deyarli yangidan qurilgan "Navoiy" aeroporti bugun muhim qit'alararo logistika markaziga aylanib borayotgani va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarini Yevropa va Yaqin Sharq bilan bog‘laydi.

Shu bilan bir qatorda "Korean Air" kompaniyasi Toshkent shahrida Koreyaning yetakchi oliy o‘quv yurti - Inxa universiteti filiali faoliyatini rivojlantirishda ham faol ishtirok etmoqda. Mazkur o‘quv muassasasi zamonaviy o‘quv dasturlari asosida kompyuter va dasturiy injiniring bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga kirishgan.

Chi Chang Xuning qayd etishicha, yaqin kelajakda yuk terminali quvvatini kengaytirish orqali "Navoi" aviaxabini yanada rivojlantirish, Toshkentdagi Inxa universitetining filiali negizida "Logistika" yangi mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ikkinchi xalqaro yo‘lovchilar terminalini qurish orqali Toshkent shahri aeroportini modernizatsiyalash bo‘yicha istiqbolli loyihaning amalga oshirilishida ishtirok etish rejalashtirilmoqda.

Top