15:04 / 27.05.2015
2292

Irkutskda o‘zbekistonlik fuqaroni noqonuniy ravishda ushlab turgan jinoyatchilar qo‘lga olindi

Irkutsk viloyati bo‘yicha Rossiya Tergov qo‘mitasining tergov boshqarmasi Irkutsk tumani tergov bo‘limi tomonidan Rossiya Jinoyat kodeksining 127 moddasi 2-qismining “a” bandi (oldindan til biriktirgan holda bir guruh shaxslar tomonidan ozodlikdan noqonuniy mahrum etish) va 163-moddasi 2-qismining "a" va "v" bandlarida (oldindan til biriktirgan holda bir guruh shaxslar tomonidan zo‘ravonlik qo‘llagan holda tovlamachilik qilish) ko‘zda tutilgan jinoyat alomatlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Tergovning aniqlashicha, 24 may kuni o‘zbekistonlik fuqaro Novo-Irkutsk qishlog‘ida yashovchi o‘z tanishining uyiga mehmonga borgan. Uyda uy egasidan tashqari yana ikki kishi bo‘lgan. O‘zbekistonlik fuqaro va uydagi shaxslar orasida mojaro chiqqan va ular o‘zbekistonlik fuqaroga tan jarohatlari yetkazgan. Zo‘ravonlar mehmonni do‘pposlaganlaridan keyin undan 100 ming rubl talab qilishgan. Jabrlanuvchi ularga pullarni berishni va'da qilgan, shundan keyingina jinoyatchilar uni qo‘yib yuborgan.

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan ushbu jinoyatga aloqador shaxslar aniqlanib, qo‘lga olindi. Ular 19 va 21 yoshli Jigalov tumanida yashovchi shaxslar bo‘lib chiqdi.

Yosh zo‘ravonlar 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov ishlari davom etmoqda.

Top