21:32 / 29.05.2015
2160

Andijonda bolalar oromgohlarini mavsumga tayyorlash bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Andijonda bolalar oromgohlarini mavsumga tayyorlash, o‘quvchilarning dam olishini mazmunli tashkil etish, sog‘lomlashtirish tadbirlarini amalga oshirish, oromgohlarda faoliyat ko‘rsatuvchi mutaxassislarning malaka va tajribasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan seminarda viloyat xalq ta'limi, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Joriy mavsumda shahar tashqarisida joylashgan 14 hamda umumta'lim maktablari qoshidagi 42 kunduzgi bolalar oromgohida 21 ming 600 nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan.

Seminarda oromgohlarga bolalar bilan ishlash tajribasiga ega malakali pedagog-kadrlarni jalb etish, tibbiyot xodimlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, birinchi tibbiy yordam vositalari, zarur dori-darmonlar zaxirasini yaratish, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, oromgohlarda jamoat tartibi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

"Oromgohlarda tozalik, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish qat'iy nazorat qilinadi. Oziq-ovqatlar sifatiga, bolalarga berilayotgan taomlarning me'yoriga alohida e'tibor qaratiladi", – deydi viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi mudiri Shahnoza Hakimova.  

Oromgohlarda festivallar, sport tadbirlari, taniqli san'atkorlar, mashhur sportchilar bilan uchrashuvlar, ko‘ngilochar kechalar tashkil etish, turli to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, qiziqarli mashg‘ulotlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. 

Top