15:02 / 29.05.2015
2103

Jyek Uornerning o‘g‘illari FIFA tizimidagi korrupsiya bo‘yicha tergovga ko‘mak berishgani aytilmoqda

FIFAning sobiq vitse-prezidenti Jyek Uornerning o‘g‘illari AQSh futbol federatsiyasining sobiq ijrochi vitse-prezidenti Chay Bleyzer qatori korrupsiya bo‘yicha tergovga yordam berishgan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri manbalardan olgan rasiiy hujjatlar va ma'lumotlarga iqtibos keltirgan holda xabar bermoqda.

2013 yilda Federal qidiruvlar byurosi FIFA vitse-prezidenti va Karib futbol ittifoqi (KFI)ning rahbari Jyek Uorner faoliyati bilan bog‘liq korruptsion janjal bo‘yicha faol ravishda tergov harakatlarini boshlagani ma'lum qilingandi. FQB o‘z tergovini Jyek Uornerning o‘g‘li Derian Uorner guvoh sifatida tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lganidan keyin faollashtirib yuborgan. KFI FIFA ijroiya qo‘mitasining sobiq a'zosi Chak Bleyzerning offshor hisob raqamiga 500 ming dollar o‘tkazgan bir qator bitimlar FQB shubhasi ostiga tushgan.

Nashrning ta'kidlashicha, Uornerning o‘g‘illari Derian va Derill Bleyzer kabi hukumat bilan hamkorlik qilgan. Ular tergovga 27 mayda FIFA amaldorlariga ayblovlar qo‘yishga yordam bergan ma'lumotlarni taqdim qilishgan. 2013 yilda aka-uka Uornerlar yashirin tarzda o‘zlarini aybdor deb tan olganlar, xususan Derian 2006 va 2010 yilgi jahon chempionatlariga biletlarni noqonuniy tarzda qayta pullagani, Derill esa ipoteka tovlamachiligida ishtirok etganini tan olgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Bleyzer hukumat bilan tergovning birinchi kunlaridanoq, ya'ni 2011 yildan hamkorlik qilib kelgan. Xususan, u tergovchilarga KONKAKAFdagi tovlamachiliklar va amaldorlar 2010 yilgi jahon chempionati uchun ehtimoliy ovozlarni sotish va biznes-bitimlar bilan bog‘liq holda to‘lovlar olganlari haqidagi ma'lumotlarni taqdim qilgan.

Avvalroq Jyek Uorner davolanayotgan shifoxonasidan qamoqqa olib kelingani ma'lum qilingandi. U o‘tgan kechani qamoqda o‘tkazgan, chunki Trinidad va Tobago oliy sudi uning 2,5 mln dollar garov evaziga qamoqdan chiqarilishiga ruxsat bermadi.

Top