17:32 / 29.05.2015
6691

Jizzax viloyatida yapon texnologiyalari bo‘yicha tikuv mashinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi

“Jizzax” maxsus industrial zonasida “Juita Gulshana Invest” MChJ O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi o‘z faoliyatini boshladi, deb xabar bermoqda Jizzax viloyati hokimiyati matbuot xizmati.

Yangi korxona yapon texnologiyalari bo‘yicha tikuv mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Korxona quvvati yiliga 15 ming tikuv mashinasini tashkil qiladi, ulardan bir qismi eksportga yuboriladi. Korxonaga “O‘zbekengilsanoat” DAK va Xitoyning Zhejiand Juita Sewing Machine Co.LTD kompaniyalari tomonidan asos solindi.

Ushbu korxonani yaratish uchun 3 mln dollar sarflandi. Bu yilda bir necha turdagi 10 ming dona zamonaviy tikuv mashinalari ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Ma'lumot uchun, 2013 yil 18 martda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Jizzax viloyati hududida Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida filialga ega bo‘lgan yangi “Jizzax” maxsus industrial zonasini tashkil qilish haqidagi farmonni imzolagan.

“Jizzax” maxsus industrial zonasi keyinchalik muddatini uzaytirish imkoniyati bilan 30 yil davomida faoliyat yuritadi. Bu davr mobaynida maxsus industrial zona hududida alohida soliq tartibi o‘rnatiladi, bojxona imtiyozlari amalga qiladi.

Bugungi kunga kelib maxsus industrial zonada umumiy qiymati 30,9 mln dollarni tashkil qiluvchi 8 ta loyiha amalga oshirildi.

Top