19:16 / 29.05.2015
2398

O‘zbekistonda innovatsion loyihalar tanlovi e'lon qilindi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xorijiy bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish maqsadida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda innovatsion loyihalar tanlovini e'lon qildi.

Tanlovda ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, fermerlar va tadbirkorlar, tadqiqot guruhlari, oliy ta'lim muassasalari xodimlari, olimlar ishtirok etishlari mumkin.

Tanlovdan maqsad mahalliy va ikkilamchi xomashyoni qayta ishlash hisobiga olingan mahsulotni eksport qilishga mo‘ljallangan innovatsiyalarning yangi turlarini ishlab chiqarishdan iborat.

Tanlov beshta yo‘nalishdan iborat:
1. Oziq-ovqat sanoati.
2. Kimyo sanoati.
3. To‘qimachilik sanoati.
4. Qurilish materiallari sanoati.
5. Mashinasozlik va elektr texnika sanoati.

Tanlovning har bir yo‘nalishida 3 nafar g‘olib aniqlanadi. G‘oliblar Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining diplom va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. 1-o‘rin uchun 30 mln so‘m, 2-o‘rin uchun 20 mln so‘m, 3-o‘rin uchun 10 mln so‘m mukofot puli beriladi.

Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar joriy yilning 1 iyunidan 31 iyuligacha qabul qilinadi.

Top