12:21 / 01.06.2015
6190

Samarqandda soxta qurilish firmalari tashkil qilib, 30 mlrd ga yaqin pulni o‘zlashtirgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Samarqandda turli soxta firmalar nomidan ish yuritib, boshqa tashkilotlarni aldash yo‘li bilan 30 mlrd so‘mga yaqin pulni o‘zlashtirib yuborgan jinoiy sheriklar qo‘lga olindi.
“Huquq” gazetasida yozilishicha, muqaddam bir necha bor sudlangan Suyar ismli shaxs tanishi Samarqand tumanida Oleg nomiga “Samarqand Gulobod invest” MChJ tashkil qilgan. Direktor rasman Oleg hisoblansa-da, tashkilotni Suyar xufiyona boshqarib kelgan.
Ikki sherik korxona faoliyati davomida pul ko‘chirish yo‘li bilan 10 mlrd 852 mln so‘mlik qurilish materiallari va boshqa turdagi mahsulotlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan.
Suyari Ishtixon tuman DSIdan “A'zam qurilish grand” xususiy korxonasini ro‘yxatdan o‘tkazib, unga A'zam ismli tanishini “qo‘g‘irchoq direktor” etib tayinlagan. Bu korxona orqali u 17 mlrd 783 mln so‘mlik qurilish materiallarini naqd pulga sotgan.
Bundan tashqari, “Bunyod kapital invest” MChJ bilan 65 mln so‘mlik qurilish mollari yetkazib berish borasida shartnoma imzolagan. “Bunyod kapital invest” “Samarqand Gulobod invest”ning Kapitalbankdagi hisob raqamiga tegishli pullarni o‘tkazib bergan. Ammo jinoiy sheriklar bu pullarni o‘zlashtirib, mahsulotlar yetkazib berilgani haqidagi soxta hujjatlarni hamkorlariga taqdim qilgan.
“Bunyod kapital invest” mutasaddilari huquq-tartibot organlariga murojaat qilishdi. Olib borilgan taftish ishlari natijasida ulkan miqdordagi pullar o‘zlashtirilgani va boshqa huquqbuzarliklar amalga oshirilgani aniqlandi. Suyar va uning jinoiy sheriklari sudga topshirildi.

Top