18:17 / 04.06.2015
2547

Google qidiruv tizimi xatolik tufayli Hindiston bosh vazirini eng xavfli jinoyatchilar ro‘yxatiga kiritdi

Google qidiruv tizimi Hindiston bosh vaziri Narendra Modi qidiruv tizimi talqini bo‘yicha Hindistonning eng xavfli jinoyatchilari o‘ntaligiga tasodifan tushib qolgandan keyin mojaro markazida qoldi.

Google foydalanuvchilarining “Hindistonning eng xavfli 10 jinoyatchisi” (Top 10 criminals in India) degan so‘roviga javoban birinchi bo‘lib Hindiston bosh vazirining surati chiqib kelgan. Bu ma'lumot bir necha kun ichida butun internetda shov-shuv bo‘lib ketdi va Twitter’da Hindistondagi eng ommaviy mavzular reytingining eng yuqori pog‘onasini egalladi.

Bosh vazirning ona yurti Gujarot shtati aholisi Modining suratini bu so‘rovning natijalari ichidan zudlik bilan olib tashlanishini talab qildi. Qidiruv tizimi rahbariyati “vujudga kelgan anglashilmovchilik” uchun uzr so‘radi.

“Qidiruv natijalari bizni ham tashvishlantirmoqda va bizning fikrimizni aks ettirmaydi. Biz shunday holatlar kelgusida bo‘lmasligi uchun qidiruv mexanizmlarini takomillashtirish ustida ishlashni davom ettiramiz”, deb aytilmoqda Google’ning rasmiy bayonotida.

Aniqlanishicha, Modining surati uning jinoyatchilarni tutish bo‘yicha operatsiyalar haqidagi ko‘p sonli bayonotlari tufayli ushbu ro‘yxatdan joy olgan. Ko‘pincha OAVlar bosh vazirning bunday chiqishlarini uning surati bilan birga joylashtiradilar va bu holat oqibatda ma'lumotlar bazasida xatolikka olib kelgan.

Narendra Modi 2014 yilda Bollivud aktrisasi Sanni Leonedan keyin Hindiston aholisi Google’da eng ko‘p qidirgan odamlar orasida 2-o‘rinni egallagan.

Top