17:54 / 05.06.2015
6740

Qoraqalpog‘istonda namunali uylar qurilishida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani uchun tuman hokimlarining o‘rinbosarlari ma'muriy javobgarlikka tortildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2014 yili 20ta qishloqda namunaviy loyihalar asosida 627ta uy-joy qurish rejalashtirilib, ular uchun gaz, suv, elektr tarmoqlari, yo‘l hamda 8ta ijtimoiy soha va bozor infratuzilmasi obektlarini barpo etish nazarda tutilgan edi.

Shuningdek, 2015 yilning 30 apreligacha 627 ta uyning 531 tasida qurilish ishlari tamomlanib, ularni belgilangan tartibda foydalanishga topshirishga doir hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi organlari tomonidan olib borilgan tekshirishlarda ba'zi hududlarda qurilish ishlari sifatsiz bajarilgani yoki amalga oshirilmagan ishlar hisobotlarga qo‘shib yozilgani aniqlanmoqda. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, 2014 yilda Nukus tumani "Samanbay" ovul fuqarolar yig‘ini hududida namunaviy loyihalar asosida 10 ta uy-joy qurish uchun "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi bilan "Aerostroy Nukus" MChJ o‘rtasida shartnoma tuzilgan. Shartnoma shartlarining bajarilishi va ajratilgan pul mablag‘larining maqsadli sarflanishi, hisobotlarning haqqoniyligini o‘rganish maqsadida nazorat o‘lchovi o‘tkazilganda, MChJ mansabdor shaxslari tomonidan hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritilgani, juda ko‘p miqdordagi qurilish ishlari amalda bajarilmasdan, hisobotlarga qo‘shib yozilgani holda "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasiga taqdim qilganligi aniqlandi. Ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta'minlandi.

Chimboy tumanida "Nukus Aliyar qurilish" MChJ tomonidan 10 ta uy-joyni qurishda 158 mln. so‘mlik, Nukus tumanida "8-sonli Taxiatash" qurilish korxonasi tomonidan esa 8 ta uy-joyni qurishda 15 mln. 200 ming so‘mlik qurilish ishlari bajarilmasdan, byudjyet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlandi. Ushbu holatlar bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal etildi.

Shuningdek, Qo‘ng‘irot tumani hududida 2014 yil 10 dekabr kuniga qadar qurilishi yakunlanib, topshirilishi lozim bo‘lgan, shartnoma bo‘yicha fuqarolar tomonidan dastlabki badal pullari to‘liq to‘langan 35ta namunali uylarda shu yilning 1 apreliga qadar ham qurilish ishlari yakunlanmagan. Mazkur holat yuzasidan Qo‘ng‘irot tuman hokimining birinchi o‘rinbosari sud qarori bilan ma'muriy javobgarlikka tortildi. Xuddi shu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun Beruniy, Chimboy, Xo‘jayli, Nukus va Kegeyli tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari ham ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Top