20:19 / 06.06.2015
7948

Pentagon rahbari Putinga sanksiyalar bilan ta'sir qilishning imkoni yo‘qligini aytdi

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karterning fikricha, Ukraina mojarosi doirasida G‘arb davlatlarining Rossiyaga kiritgan iqtisodiy sanksiyalari va boshqa harakatlari Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukraina bo‘yicha tutgan yo‘lini o‘zgartira olmadi, deb yozadi Reuters. Bu haqda Karter Shtutgartda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan keyin, o‘z samolyotida Vashingtonga qaytayotganda jurnalistlarga aytib o‘tdi.

Karterning aytishicha, sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda, biroq bunga qaramay sanksiyalar Putinning bir yil avval Qrimda namoyish qilgan yo‘lidan qaytishiga ta'sir qila olmayapti.

“Putin o‘z yo‘lini o‘zgartirishni istamayotganiga javoban biz qilishimiz kerak bo‘lgan boshqa narsalar bor”, deb aytmoqda Karter.

Karter AQShning 30 ga yaqin yuqori lavozimli amaldorlarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarning samaradorligini muhokama qilish va AQSh va NATO harbiy o‘quv mashg‘ulotlari NATO bo‘yicha ittifoqchilar va hamkorlarga qanchalik darajada dadillik berganini baholash uchun Germaniyadagi yig‘ilishga chaqirdi.

Rossiya AQSh, Yevropa Ittifoqi, Norvegiya, Yaponiya, Avstraliya va Kanadaning iqtisodiy sanksiyalari ostida qolmoqda. Rossiyaning bank, neft va mudofaa sektorlari taqiqlovga tushgan. Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalar Qrimning Rossiyaga qo‘shilib olinishi va Ukrainadagi geosiyosiy tanglikning o‘sayotgani sababli kiritilgan edi.

Top