09:23 / 07.06.2015
7057

JCh U20 turnirida O‘zbekiston yoshlari nim chorak finalga yo‘l oldi

Yangi Zelandiyada o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining "F" guruhi o‘yinlari yakunlandi.

O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi guruhning so‘nggi o‘yinida Fiji termasiga qarshi maydonga tushib, 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Gonduras va Germaniya yoshlaridan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng ko‘pchilik O‘zbekistonning imkoniyatini past baholayotgan edi. Ammo hal qiluvchi bellashuvda futbolchilarimiz o‘z zimmalariga yuklatilgan dastlabki vazifani uddalashdi.

Birinchi bo‘limda hisob ochilmagan bo‘lsa, o‘yinning 62 va 63 daqiqalarida Ilhom Shomurodov va Zabihullo O‘rinboyev ketma-ket to‘p kiritishib, vaziyatni o‘z tomonlariga og‘dirishdi. O‘yindagi yakuniy natija esa 93 daqiqada Mirjamol Qosimov tomonidan o‘rnatildi - 3:0.

Bu g‘alabadan keyin guruhda 3 ochko va to‘plar nisbati nisbatan yaxshiligi evaziga ikkinchi o‘rinni egallagan o‘zbekistonliklar keyingi bosqichga chiqishdi. Chunki guruhdagi ikkinchi bellashuvda Germaniya 5:1 hisobida g‘alaba qozonib, O‘zbekistonning ikkinchi o‘rinni egallashini ta'minlab berdi. Guruhda Germaniya 9 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Qolgan 3 jamoa esa 3tadan ochko jamg‘arishdi. To‘plar nisbati O‘zbekistonda (-1), Gondurasda (-6), Fijida esa (-7) bo‘ldi.

Endi O‘zbekiston termasi 11 iyun kuni Avstriya yoshlariga qarshi nimchorak final o‘yinida maydonga tushishadi.

O‘zbekiston  U-20 - Fiji U-20 3:0

Gollar: Ilhom Shomurodov (62), Zabihullo O‘rinboyev (63), Mirjamol Qosimov (90+3)

Top