15:05 / 08.06.2015
3278

Samarqandda yil imomi aniqlandi

Samarqand shahrida yil imomi aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlar idorasi Masjidlar bo‘limi xabar bergan.

"Imom-xatib bugungi paydo bo‘layotgan yangiliklar va o‘zgarishlarni tahlil qila oladigan va o‘z navbatida munosabat bildiradigan darajadagi salohiyatga ega bo‘lishi zamon talabidir. Buning uchun ular diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallashlari va muntazam voqeliklardan xabardor bo‘lishlari davr taqozosidir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan an'anaviy “Yil imomi” ko‘rik tanlovning bu boradagi ahamiyati kattadir.

Iyun oyining ikkinchi kuni Samarqand viloyatida mazkur tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tumanlarda g‘olib bo‘lgan o‘n oltita imom-xatib va noiblar ishtirok etdi. Tanlovning hashamatli anjumanlar zalida o‘tkazilishi ham unga bo‘lgan e'tiborning yuqori ekaniga dalolat qiladi.

Ko‘rik tanlov qatnashchilari Qur'on oyatlari tafsiri, aqidaparast oqimlar, ma'naviyat-ma'rifat, fiqhiy masalalar, Islom tarixi va ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari bo‘yicha sinovdan o‘tdilar. Imomlar ko‘rik tanlovda o‘zlarining bilimdonlik, hozirjavoblik va ilmiy salohiyatlarini yana bir namoyish etdilar.

Yakuniy bosqich natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin Samarqand shahar “Xo‘ja Abdu Darun” jome masjidi noib imomi Baxriyev Qamariddinga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa Tayloq tuman “Jumabozor” jome masjidi imom-xatibi Samariddin Abdulsaidov erishdi. Uchinchi o‘ringa esa Kattaqo‘rg‘on shahar “Muhammad Naqibbek” jome masjidi imom-xatibi Anvar Nazarov loyiq topildi. G‘oliblar va barcha ishtirokchilarga sovg‘alar topshirildi", deyiladi xabarda.

Manba: muslim.uz

Top