07:51 / 09.06.2015
2062

9 dollarlik CHIP mikrokompyuteri loyihasi uchun Kickstarter sayti orqali 2 mln dollar pul yig‘ildi

CHIP mikrokompyuteri loyihasi mualliflari Kickstarter sayti orqali 2 mln dollar miqdoridagi yordam mablag‘larini to‘plashdi.

"Bir oy davomida bizni qo‘llab-quvvatlab, ushbu loyiha uchun yordam berganlarga cheksiz minnatdorchiligimizni bildiramiz", deb yozadi loyiha mualliflaridan biri.

Bu loyiha uchun 7 maydan 6 iyunga qadar saytdagi e'lon orqali xayriya mablag‘lari yig‘ilgan.

Ma'lum qilinishicha, uzunligi 60, kengligi 40 millimetr bo‘lgan platada 1 Ggs chastotada ishlovchi Allwinner A13 protsessori, 512 Megabaytlik DDR3 tezkor xotirasi, 4 Gigabaytlik NAND xotirasi, Wi-Fi va Bluetooth modullari joylashadi. Grafika uchun Mali-400 tezlashtirgichi javob beradi. Shuningdek, VGA va HDMI interfeysli displeylarni ulash mumkin.

CHIP kompyuterlariga Linux operatsion tizimi o‘rnatilgan bo‘ladi. Bundan tashqari, miniklaviatura, 3000 mA/soatlik batareya, 470x272 pikselli displeydan iborat PocketCHIP moduli ham taqdim etiladi.

Ishlab chiqarish ishlari 2015 yilning oxirigacha boshlanishi aytilgan.

Bunday mikrokompyuterlarning narxi 19 va 49 dollar turadigan qo‘shimcha funksiyalar bilan ta'minlangan turlari ham ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun, bu vaqtgacha Raspberry Pi kompyuterlari 35 dollardan sotuvga chiqarilgan.

Top