19:45 / 09.06.2015
5553

iOS 9 beta-versiyasiga kiritilgan barcha yangiliklar

Yaqinda iOS dasturiy ta'minotining navbatdagi versiya keng jamoatchilikka taqdim etildi. Sinchkov mutaxassislar uning beta-versiyasini darhol tekshiruvdan o‘tkazib, tizimga kiritilgan asosiy o‘zgarishlar, erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida o‘z xulosalarini berdilar. Quyida sizlar bilan shu xulosalarni o‘rtoqlashamiz.

Umumiy o‘zgarishlar

Shrift iOS 9ning asosiy farqli jihatlaridan biri bo‘ldi. Ilgarigi versiyada Helvetica Neue shrifti dolzarb hisoblangan bo‘lsa, bu safar Apple mutaxassislari Comic Sans’ga o‘xshagan yangi shriftga qo‘l urgan ko‘rinadi. Umuman olganda, butun tizimda bu ko‘zga tashlanmaydi, ammo matn terganda, sermatn ilovalarda bilinadi.

Bundan tashqari, ekrandagi birlamchi gulqog‘ozda dengiz mavjlari aks etgan. Boshqa rasmlar beta-versiyaga kiritilmagan, ular yakuniy versiyaga kiritilishi kutilmoqda.

Virtual klaviaturada Shift tugmasi o‘zgardi. Endi yuqori registr va Caps Lock qaysi payt yoqilganini aniqlash osonlashdi. Predikativ terish, ya'ni yozish paytida lug‘atdan so‘z variantlarini tanlash imkoni endi rus tilli interfeysda ham mavjud.

Multitach texnologiyasiga ko‘ra, foylalanuvchi ikki barmog‘ini klaviaturada ushlab tursa, harflar o‘rniga klaviaturada matnni ajratish quroli paydo bo‘ladi.

Find My Friends va Find My iPhone ilovalari iOS 9ning tizimli dasturlariga aylantirildi. Endi ularni App Store onlayn do‘konidan sotib olishga hojat qolmadi. Bundan tashqari, Find My Friends’ni xabarlar markaziga qo‘shib, tanishlarning qayerda ekanligi haqida ma'lumot olib turish mumkin.

Ilovalarga qaytish tugmasi endi foydalanuvchi biror-bir dasturni tark etganda paydo bo‘ladi. Masalan, agar siz Tweetbot orqali Safari’ga o‘tsangiz, bir harakat bilan ortga qayta olasiz.

Xabarlarni va ayrim ilovalarni varaqlash animatsiyasi ham biroz o‘zgarishlarga uchragan. Unga rezina effekti qo‘shildi – qaysi tomonga varaqlanishiga qarab sahifalar cho‘ziladi yoki torayadi.

Interfeys renderingi uchun barcha ilovalar API Metal texnologiyasidan foydalanadi, bu ularning ishini tezlashtiradi va qulaylashtiradi.

Qidiruv

Qidiruv satrining dizayni biroz o‘zgargan – kiritish satri aylana shakl kasb etgan, shuningdek, ovozli qidiruv belgisi kiritilgan.

Ko‘pvazifalilik paneli

Panel dizayni ham o‘zgartirilgan. Endi ilovalar uyum bo‘lib joylashib, butun ekranni egallab oladi.

Proactive menyusi

iOS 7 dasturiy ta'minotidayoq chiqarib tashlangan qo‘shimcha ish stoli yana qaytib keldi. Endi birinchi ekrandan chapda oxirgi kontaktlar ro‘yxati joylashadi, bu, o‘z navbatida, ko‘pvazifalilik panelidan chiqarib tashlandi. Bundan tashqari, foydalanuvchilarda qiziqish uyg‘otishi mumkin bo‘lgan ilovalar taklif qilingan, qidiruv satri boshqatdan joylashtirilgan.

Siri

Apple Siri ishining tashqi ko‘rinishi va ish algoritmini sezilarli darajada o‘zgartirdi. Unga Proactive funksiyasi qo‘shildi. Virtual assistentning ishi endi kontekstda ishlay oladi, masalan, biror-narsani olish haqida xabar olinishi bilan Siri’ga buni eslatib qo‘yishni topshirishning o‘zi kifoya – u albatta eslatib qo‘yadi. Bundan tashqari, chetki ilovalar va rasmlar ichida qidiruv amalga oshirish mumkin.

Sozlamalar

Sozlamalar ichida qidiruv amalga oshirish funksiyasi qo‘shildi. Qidirish satri ekranning yuqori qismida joylashgan.

iOS 9da blokirovka kodi yanada murakkablashtirildi: endi unda to‘rt raqamning o‘rniga oltita qo‘llanadi. Agar barmoq izlari skaneri yaxshi ishlamasa, bu yangilik Touch ID texnologiyasiga ega bo‘lmagan apparatlar egasiga ma'qul tushmaydi.

Shuningdek, xabarlarni vaqtiga ko‘ragina emas, ularni yuborgan ilovalarga ko‘ra guruhlashtirish imkoniyati qo‘shildi. Buni sozlamalarda o‘zgartirish mumkin.

Oddiy va Slo-mo video olishning yangi optsiyalari olib kirildi. Birinchi holatda 720p va 30 fps, 1080p va 30 fps, 1080p va 60 fps, ikkinchi holatda esa 720p va 120 fps yoki 720p va 240 fps yechimlaridan birini tanlash mumkin.

Muhim optsiyalardan yana biri energiya tejashdir. Apple ham, boshqa ko‘plab raqobatchilari singari, smartfonda energiya samaradorligini oshirish borasida amaliy qadamlar tashladi. Bu rejim yoqilganida akkumulyator belgisi sariq tusga kiradi, tizim yangi xatlar va xabarlarning avtomatik yuklanishini, fonda ishlayotgan ilovalar va yangi dasturlar yuklanishini o‘chirib qo‘yadi. Bundan tashqari, harakat va yorug‘lik datchiklari o‘chiriladi, internetga ulanish tezligini cheklaydi. Ta'kidlanishicha, bu apparat ish faoliyatini uch soatga uzaytirishga yordam beradi.

iCloud Drive sozlamalariga bulutli saqlash ilovasini uy ekranida aks ettirish optsiyasi qo‘shildi. Ilova ichida saqlanayotgan barcha fayllarni ochish, ko‘rish, ko‘chirish va boshqa dasturlarda ochish mumkin.

Kompaniya proshivkalarning yangi versiyalarini havodan o‘rnatish tizimini o‘zgartirdi, buning natijasida iOS 9 darajasidagi yangilanishni amalga oshirish uchun ilgarigidek 4.6 GB emas, 1.8 GB talab qilinadi. Ya'ni, endi 16 GB xotiraga ega planshetlar egalari yangi dasturiy ta'minot o‘rnatish uchun kontentni o‘chirishlari va tozalashlariga ehtiyoj bo‘lmaydi.

Kamera

Vspishka va HDR o‘chirib-yoqish belgilarining dizayni biroz o‘zgartirildi. Bu yangi tizim shriftining o‘zgarishi bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Pochta

Pochta kliyentida xabarlarga iCloud Drive’da saqlanayotgan fayllarni qo‘shish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Podkastlar

Podkastlar ilovasiga yangi optsiya qo‘shildi. U bir joyda barcha podkastlarni to‘plash imkonini beradi. Shuningdek, barcha yozuvlarni bir bo‘limga to‘plash mumkin bo‘ladi.

Foto

Foto ilovasida suratlarni slayder yordamida ko‘rish mumkin. Uning yordamida barcha fayllarni tez-tez varaqlash mumkin bo‘ladi.

Sharhlar

Sharhlar ilovasida matnni formatlashning yangi imkoniyatlari, qo‘lyozma sharhlar kiritish, rasm va yo‘llanmalar qo‘yish funksiyalari paydo bo‘ldi.

Wallet

Passbook ilovasining o‘rnini Wallet bosdi. Amalda ularning farqi uncha katta emas.

Xaritalar

Xaritalar ilovasiga jamoa transportlari yo‘nalishlari haqida axborotning qo‘shilishi natijasida foydalanuvchilarga ko‘proq qulayliklar tug‘diradi. Shuning asosida piyodalar marshrutlarini ham belgilab olish mumkin bo‘ladi.

Ro‘yxatga Touch ID’ning yaxshiroq ishlay boshlaganini qo‘shsak, yangi dasturiy ta'minotning beta-versiyasida aniqlangan asosiy o‘zgarishlar hozircha shulardir. Kompaniya mutasaddilari tomonidan yakuniy versiya chiqqanda ijobiy o‘zgarishlar yanada ko‘proq topilishi va'da qilinmoqda.

iOS 9 iPhone 4S, iPad 2, iPad mini, iPod touch 5th gen va ulardan yuqoriroq avlod apparatlarida ishlaydi. Reliz 2015 yil kuzida amalga oshiriladi.

Top