23:36 / 09.06.2015
2606

O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniyaga tashrif buyurdi

Oliy Majlis Senati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Germaniyada bo‘ldi.

Ushbu safardan ko‘zlangan asosiy maqsad Germaniya Federativ Respublikasi parlament tizimining rivojlanishi, oliy qonunchilik organi faoliyati va uning mahalliy hokimiyat vakillik organlari bilan o‘zaro munosabatlari hamda yangi axborot texnologiyalaridan qo‘llanish tajribasini o‘rganish bilan izohlanadi. 

Safar doirasida Bundestag (parlament), Bundesrat (federal yerlar palatasi), GFR Tashqi ishlar vazirligi hamda Brandenburg federal yeri Landtagida (parlamentida) uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari nemis parlamentarizmi, federal parlament hamda federal yerlar parlamentlarining asosiy tamoyillari va faoliyat mexanizmlari, qonun ijodkorligi ishining tashkil etilishi, parlament nazoratini amalga oshirish, shuningdek, hukumatning boshqa organlari bilan o‘zaro munosabati, qabul qilinadigan qonuniy hujjatlarning amalda hayotga tadbiq etilishi samaradorligi va tahlil tizimi tajribalari bilan har tomonlama tanishdilar. 

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. 

Germaniyada respublikamiz delegatsiyasining tashrifiga yuqori baho berildi. Germaniya qonunchilik va ijro hokimiyatlarining vakillari ushbu safar O‘zbekistonning jahondagi ilg‘or tajribani o‘rganish va qo‘llash asosida davlat boshqaruvida parlament rolini kuchaytirishga bo‘lgan sodiqligining yaqqol tasdig‘i bo‘lganini qayd etdilar. 

Top