22:09 / 09.06.2015
3146

Surxondaryo viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi qabul qilindi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori bilan umumiy qiymati 362 mln dollarni tashkil qiladigan 2015-2017 yillarga mo‘ljallangan Surxondaryo viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Hujjat yangi ishlab chiqarish, amaldagilarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltirilgan.
Dasturda oziq-ovqat sanoati, jumladan, meva-sabzavot, qandolatchilik va go‘sht-sut sanoatlarining zaruriy xomashyo bazasini kengaytirish bilan yangi zamonaviy qayta ishlovchi ishlab chiqarishlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Umumiy dastur doirasida sanoatning alohida sohalarining rivojlanishiga yo‘naltirilgan manzilli dasturlar ham tasdiqlangan.
Oziq-ovqat sanoatiga qaratilgan manzilli dasturda viloyatda umumiy miqdori 21,6 mln dollarlik 47 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu loyihalar korxonalarning shaxsiy mablag‘lari (8 mln dollar) va tijorat banklari mablag‘lari (13,5 mln dollar) hisobiga moliyalashtiriladi.
Yengil sanoat mahsulotlari va boshqa nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha manzilli dasturida umumiy miqdori 63,2 mln dollarni tashkil qiluvchi 37 loyihaning amalga oshirilishini ko‘zda tutadi.

Qurilish va bezak materillari ishlab chiqarish dasturiga ko‘ra 261,3 mln dollarlik 86 ta loyiha amalga oshiriladi.
Shuningdek, manzilli dastur doirasida mashinasozlik va ishlab chiqarish-texnik vazifasiga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish, kimyo sanoatida 15,9 mln dollarlik 9 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Top