16:10 / 10.06.2015
3534

G‘arb matbuoti G7 sammitining xulosalarini keltirib o‘tdi

G‘arbning bir qator nufuzli bosma nashrlari Bavariyada o‘tkazilgan “Kuchli yettilik” sammiti yakunlariga ko‘ra kelib chiqqan asosiy xulosalarni umumiylashtirishga harakat qildi. Bu borada chop etilgan materiallar ichida bir qator jiddiy fikrlar aytildi.
Jumladan, The Guardian nashri Barak Obamaning Ukrainadagi vaziyat keskinlashgan taqdirda Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy qilinishi mumkinligi haqidagi so‘zlariga e'tibor qaratdi. Italiya, Buyuk Britaniya va Fransiya AQShni bu borada qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu bilan birga, Fransiya yetakchisi Rossiya bilan aloqalarni davom ettirish zaruratini qayd qilib o‘tdi.
The Financial Times kolumnistining fikricha esa, G7 yetakchilari “Kreml kutganidan ko‘ra qattiqroq” ohangda ogohlantirish berishdi. Faqatgina Germaniya kansleri Angela Merkel og‘ir ritorikadan qochishga intildi.
Bundan tashqari, sammit ishtirokchilari Ukrainani Minsk kelishuvlariga rioya qilib, hokimiyat vakolatini Donbassga topshirishga chaqirishdi. Ammo Ukraina bunday qadamni tashlasa, o‘z hududiy yaxlitligiga bolta urgan bo‘ladi. Shunga qaramay, yetakchi davlatlar Ukrainaga nisbatan pozitsiyalarini qattiqlashtirmasdan, unga xayrixohligini bildirib kelmoqda.
The Independent gazetasi Devid Kemeronning ikkilanishlariga e'tibor qaratdi. Obama Buyuk Britaniyaning harbiy xarajatlari NATOda belgilangan chegaradan pastga tushib ketayotganidan xavotirdaligini bildirganida, Kemeron o‘z mamlakatining jahon miqyosidagi mavqei tushib borayotganini tan olmadi. U Birlashgan Qirolliklar “jiddiy global o‘yinchi” bo‘lib qolayotganini yana bir bor e'tirof etdi.
O‘z navbatida, The Daily Telegraph Ukraina ixtilofi va Rossiyaga nisbatan siyosat masalasi ishchi tushlikka ajratilgan vaqtning uchdan ikki qismini egallaganini ta'kidladi.
AQSh nashrlari esa sammitda IShIDga qarshi kurash masalalari muhokama qilinganini birinchi o‘rinda tilga olib o‘tishdi.
“Ukraina inqirozi va IShIDning kuchayishi guruh sammiti kun tartibida turgan asosiy mavzulardir”, – qayd qilib o‘tdi The New York Times gazetasi.
The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Yettilik davlatlari yetakchilari ko‘pgina masalalar bo‘yicha kelishuvga erisha oldi. Shu bilan birga, ular Ukrainadagi va Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha aniq xulosalarga kela olmadi.
Fransiyaning Le Figaro nashri esa Yettilik guruhi singari xalqaro siyosat institutining mavjudligi qay darajada aqldan ekanligini asosiy mavzu sifatida ko‘tarib chiqdi. Ta'kidlanishicha, jahon yetakchilarining Bavariya Alplaridagi ikki kunlik bahslari na G‘arbda, na dunyoning boshqa qismlarida jiddiy qiziqish uyg‘otmadi.
“Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish vaqti kelmadi, – deb yozadi Le Monde nashri. – G7 yetakchilari, turli masalalarni muhokama qilishdan tashqari, Moskvaga nisbatan birdam va qat'iy pozitsiyada turganini ham ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Fransua Olland sanksiyalarning amal qilish muddati yanada uzaytirilishi mumkinligini aytib o‘tdi. Bu masala 25-26 iyun kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI sammitida ko‘rib chiqiladi”.

Top