18:39 / 10.06.2015
3294

Hokimlarning xalq deputatlari kengashi oldida hisobot qilish tartibi belgilandi

2015 yil 9 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 4 ta kodeks hamda 6 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonunga imzo chekkanligi haqida xabar berilgandi.

Xususan, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunga hokimning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini xalq deputatlari Kengashi tomonidan eshitish tartibini belgilovchi yangi modda qo‘shildi.

Ma'lumot o‘rnida shuni aytishim lozimki, mazkur qo‘shimcha 2014 yil 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarish asosida qo‘shildi. O‘tgan yili Konstitutsiyaning 103-moddasiga viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etishi haqidagi yangi norma kiritilgan edi.

«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan yangi 25-1-moddaga binoan, viloyat, tuman, shahar hokimining hisoboti tegishli xalq deputatlari Kengashining viloyat, tuman, shaharning o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida eshitiladi.

Mazkur majlis viloyatlarda va Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli majlisi o‘tkazilganidan keyin o‘n kundan kechiktirmay, tumanlar va shaharlarda esa viloyatlarda tegishli majlislar o‘tkazilganidan keyin o‘n kundan kechiktirmay o‘tkaziladi.

Viloyat va Toshkent shahar hokimining hisobotini eshitishga tegishli viloyatlar va Toshkent shahridan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zolari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, tumanlar va shaharlar hokimlari, viloyat va Toshkent shahar ijroiya hokimiyati organlari tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari taklif etiladi.

Tuman va shahar hokimining hisobotini eshitishga tegishli saylov okruglaridan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari va xalq deputatlari viloyat Kengashlari deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, davlat boshqaruvi organlarining vakillari, viloyat hokimi yoki uning o‘rinbosarlari, tuman va shahar ijroiya hokimiyati organlari tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari taklif etiladi.

Viloyat, tuman, shahar hokimining hisobotini eshitishga tegishli hududda joylashgan boshqa davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, korxonalarning, muassasalarning, tashkilotlarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining, siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari va boshqa shaxslar taklif etilishi mumkin.

Viloyat va Toshkent shahar hokimining hisobotini muhokama qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisida berilgan baholar va belgilangan vazifalar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

Tuman va shahar hokimining hisobotini muhokama qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, shuningdek xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida berilgan baholar va belgilangan vazifalar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

Viloyat, tuman, shahar hokimining hisobotini muhokama qilish yakunlari bo‘yicha tegishli xalq deputatlari Kengashining qarori qabul qilinib, unda tegishli hokim va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari ishining samaradorligiga kompleks baho beriladi, ularning ishini takomillashtirishga doir tavsiyalar va takliflar, shuningdek qaror amalga oshirilishining borishi ustidan nazoratni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi. Mazkur qaror va hokimning hisoboti rasmiy nashrlarda hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining veb-saytlarida e'lon qilinishi shart.


Top