14:34 / 11.06.2015
11260

"O‘zbekiston - BMT: Tinchlik, barqarorlik va farovonlik yo‘lida hamkorlik"

2015 yilning 11-12 iyun kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Pan Gi Mun tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. 

Shu munosabat bilan "Jahon" AA nashrida keng qamrovli maqola chiqarildi.

Unda 1992 yilning 2 martdan, ya'ni O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining teng huquqli a'zosi bo‘lgan kundan e'tiboran ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan samarali va ko‘pqirrali hamkorlik boshlangani e'tirof qilinib, BMTning qator sammitlaridagi ishtiroklar orqali nafaqat O‘zbekiston uchun, balki keng miqyosli Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim bo‘lgan tashabbuslar ilgari surilgani ta'kidlanadi.

Mazkur tashabbuslar jahonda o‘zining keng e'tirofini topdi va qo‘llab-quvvatlandi. Ular orasida BMT Bosh Assambleyasi minbaridan yangragan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hududni yaratish to‘g‘risidagi g‘oya alohida o‘rin tutadi. 

Shuningdek, BMT Bosh kotibi Kofi Annanning 2002 yil oktabr oyida O‘zbekistonga buyurgan tashrifi chog‘ida Prezident Islom Karimov taklifi bo‘yicha “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ular prekursorlarining qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi” tashkil etilgani eslab o‘tiladi. 

"O‘zbekiston tashabbusi bilan 2010 yili BMT Kotibiyati va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Kotibiyati o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Ushbu hujjat mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda bu ikki tizimning ishtirokini kengaytirishga yo‘naltirilgandir.

So‘ngra ShHT Kotibiyati va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, shuningdek, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumlari imzolandi. 

O‘z navbatida, 2002 yil oktabrida BMT Bosh kotibi Kofi Annan, 2010 yilning aprel oyida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun mamlakatimizga keldi. 

So‘nggi yillar davomida BMT bilan har tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT Taraqqiyot dasturining rahbari Helen Klark, BMT Bosh kotibining o‘rinbosari Noylin Xeyzer, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Joze Gratsianu da Silva, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi Taleb Rifai, BMTning Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti - YuNESKO Bosh direktori Irina Bokova, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chenning O‘zbekistonga tashrif buyurgani bu fikrni tasdiqlaydi", deyiladi maqolada.

"O‘zbekistonning tinchliksevar siyosati hamda uning xalqaro huquqning tamoyil va me'yorlariga sodiqligi BMT bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Masalan, xavfsizlikni ta'minlash sohasida konstruktiv hamkorlikning katta tajribasi to‘plandi. O‘zbekiston qurolsizlanish va qurol-yarog‘larni tarqatmaslik sohasidagi barcha muhim xalqaro bitim va shartnomalarning ishtirokchisi hisoblanadi. Respublika BMTning terrorizm bilan kurash bo‘yicha 13ta konvensiyasiga qo‘shilgan. 

O‘zbekistonning BMT bilan birgalikdagi sa'y-harakatlari ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalarini, eng avvalo, Orol dengizi muammosini ham qamrab olgan.

Ushbu halokatli va keng qamrovli ekologik inqirozning naqadar jiddiyligini teran anglagan holda, Prezident Islom Karimov 1993 yil 28 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida jahon hamjamiyatining e'tiborini ushbu muammoga qaratdi hamda uni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni taklif qildi. Bu da'vat har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi. 1993 yili respublikamiz rahbarining tashabbusi bilan Markaziy Osiyoning besh davlati rahbari tomonidan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta'sis  etildi. 2008 yili ushbu jamg‘armaga BMT Bosh Assambleyasi huzurida kuzatuvchi maqomi berildi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 2010 yilning aprelida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Orolbo‘yida bo‘lib, ekologik bo‘hron oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan respublikamizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishdi. BMT va O‘zbekiston hukumatining “Orol dengizi inqirozi natijasida jabrlangan aholining hayoti va faoliyatini ta'minlash” qo‘shma dasturi qabul qilingani ushbu tashrifning amaliy yakuni bo‘ldi. 

2013 yil 16 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan “Orol dengizi qurishining oqibatlarini tugatish va Orolbo‘yidagi ekotizim inqirozini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” ham Bosh kotib tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

2014 yilning oktabr oyida BMT vakillari 24 ta xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari qatorida, dunyoning 26 mamlakatidan kelgan olim va ekspertlar bilan birga Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Ushbu anjuman yakuniga ko‘ra, umumiy qiymati 3,2 milliard AQSh dollaridan ziyod hajmni qamrab olgan milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

O‘zbekiston va BMT ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda ham jadal hamkorlik olib bormoqda. Jumladan, 1993 yildan 2014 yilgacha BMTning O‘zbekistondagi agentliklari bilan hamkorlikda umumiy qiymati 434 million AQSh dollariga teng 442 loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalar Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish, davlat boshqaruvini mustahkamlash, atrof-muhitni himoya qilish, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, ilm-fan va ta'lim, kommunikatsiyalar va boshqa jabhalarda hayotga tatbiq etilgani e'tiborga molikdir. BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNeSKO) va BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) bilan hamkorlikda yurtimizda aholi salomatligini muhofaza qilish va gender tengligini ta'minlash borasidagi dasturlar hayotga tatbiq etilayotir. Ular, xususan, bolalar salomatligini mustahkamlash, yuqumli kasalliklarning oldini olish va vaksinatsiya tadbirlarini amalga oshirish, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalarida tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sanitariya-gigiyena me'yorlariga amal qilishni ta'minlash, ayollarning jamiyat hayotidagi o‘rnini va ularni ish bilan ta'minlash imkoniyatlarini oshirish, reproduktiv salomatlik sohasidagi xizmatlarni kengaytirish singari sohalarni qamrab olgan.

BMT agentliklarining bevosita ko‘magida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda onalik va bolalikni himoya qilish, oziq-ovqat xavfsizligi, O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi hamda boshqa ko‘pgina mavzularga bag‘ishlangan yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazildi.

2014 yilning iyun oyida FAO Bosh direktori Joze Grasianu da Silvaning respublikamizga tashrifi chog‘ida Toshkentda ushbu tashkilotning vakolatxonasini ochish yuzasidan bitim imzolandi, 2014 yilning oktabr oyida esa — “FAOning O‘zbekiston uchun hadli hamkorlik dasturi” imzolandi.

2014 yilning oktabr oyida BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO) Ijroiya kengashining 99-sessiyasi Samarqandda o‘tkazilgani o‘lkamizning ulkan sayyohlik salohiyati xalqaro maydonda e'tirof etilayotganini yana bir karra tasdiqladi.

O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash va ommalashtirish borasida YuNeSKO tomonidan katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, YuNeSKO shafeligida O‘zbekiston tarixiy shaharlari hamda xalqimizning buyuk ajdodlarining qutlug‘ sanalari xalqaro miqyosda nishonlandi.

Samarqand va Shahrisabz shaharlari, Buxoroning tarixiy markazi, Xivadagi Ichan Qal'a majmui YuNeSKO Butunjahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritilgan. 2014 yilning 27 noyabr kuni YuNeSKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish qo‘mitasining Parijda bo‘lib o‘tgan IX sessiyasida o‘zbek o‘tkir so‘z san'ati — askiya Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. YuNeSKO ko‘magida 1997 yildan boshlab Samarqandda har ikki yilda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkazib kelinmoqda.

Shunday qilib, bugun ishonch bilan aytish mumkinki, o‘tgan 23 yil mobaynida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi munosabatlar muhim voqealarga boy bo‘lgani barobarida, ular barcha yo‘nalishda jadal rivojlanib kelmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning mamlakatimizga ushbu tashrifi muhim voqea bo‘lib, O‘zbekiston va BMT tomonidan xalqaro taraqqiyot va ravnaq yo‘lidagi ko‘p qirrali va sermahsul hamkorlikka qaratilayotgan katta e'tiborning yaqqol namunasidir", deydi "Jahon" AA.

Top